08:53, Aprel 3, 2026
/
92

Ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanomalar beriladi

Loyihalar muhokamasi portaliga “Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan va ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi. Unga ko‘ra, kamida 5 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalarning xotin-qizlariga oliygohlarga kirish uchun tavsiyanoma beriladi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorning quyidagi mezonlarga to‘g‘ri kelishi davlat idoralarining elektron hamkorlik yo‘li bilan aniqlanadi:

o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki kasbiy ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;

tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;

o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki kasbiy ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi.

Tavsiyanoma olish uchun talabgor har yili 1-maydan 20-mayga qadar mustaqil ravishda YAIDXPdan ro‘yxatdan o‘tadi yoki Davlat xizmatlari markazi orqali tegishli so‘rovnomani to‘ldiradi va ishchi guruhga yuboradi. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng, talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi. Muddatdan kechikib yuborilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Ishchi guruh arizalarni ko‘rib chiqqach tavsiyanomaga loyiq deb topilgan xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar ularning ish faoliyatiga mos bo‘lgan yo‘nalishlar ko‘rsatilgan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus dasturiga integratsiya qilinadi.

Kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun ajratilgan to‘lov-kontrakt asosidagi 500 ta alohida qabul ko‘rsatkichlari har yili 1-iyunga qadar davlat oliy ta’lim tashkilotlariga bo‘yicha taqsimlanadi.

Tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida o‘tkaziladi. Imtihonlari yakunlariga ko‘ra to‘plangan ball bo‘yicha talabalikka tavsiya etilmagan, biroq to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizini va undan kam bo‘lmagan ballni to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, Davlat komissiyasi tomonidan taqsimlangan alohida qabul parametrlari doirasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi.

Ushbu xotin-qizlar uchun ajratilgan alohida qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bo‘yicha abituriyent ro‘yxatdan o‘tish davrida tanlagan ta’lim yo‘nalishlaridan biriga tanlov natijasi asosida talabalikka tavsiya etiladi.

To‘liq ma’lumot bu yerda 👈

Fikrlar (0)
Avval yangilari