09:27, Mart 27, 2026
/
136

15 yoshli talaba doktor: “Kichik Eynshteyn” Loran Simons qanday qilib ta’lim tizimidan o‘zib ketdi?

Daholar qanday paydo bo‘ladi: Yevropadagi eng yosh talaba hikoyasi

Tasavvur qiling, talabaning oddiy bir kuni tugadi. Siz universitetdagi darsdan chiqib, kafe yoki kutubxonaga ketyapsiz. Kimdir hali referat topshirishga ulgurmagan, yana kimdir imtihonlarga tayyorlanyapti. Ammo aynan shu payt, dunyoning boshqa bir nuqtasida noma’lum “yigitcha” mana shu ta’lim ritmini buzdi. Uning ismi — Loran Simons. U 15 yoshida Belgiyadagi Antverpen universitetida kvant fizikasi bo‘yicha ikkinchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

Barchada tug‘ilayotgan savol esa oddiy: bu faqat tug‘ma iste’dodmi yoki zamonaviy ta’lim tizimining yangi modelimi?

Loranning hikoyasi aslida bitta bola haqida emas. Bu — tezlashtirilgan ta’lim, individual yondashuv bilan ilm-fanning kesishgan nuqtasi haqida real keys. Axir qaysi talaba 8 yoshli bola maktabni tugatib, 12 yoshida bakalavr diplomini qo‘lga kiritishiga va 15 yoshga yetib kvant fizikasi bo‘yicha doktorlik darajasini olishiga shunchaki ishonishi mumkin?!

Rostan ham Loran Simons bularning barchasiga erishdi. Va hozirda u shunday darajaga yetdiki, kvant fizikasi va tibbiyotni birlashtirib “super odamlar”ni yaratish ustida ishlamoqda. Bularni o‘qib o‘zingizdan “hafsalangiz pir” bo‘lmasin, aziz talaba. Chunki bu dahoning paydo bo‘lishiga faqat uning aqli emas, balki qator to‘g‘ri yo‘nalishlar sabab bo‘ldi. Keling, bugun darsdan keyin biror tinch joyda o‘tirib, Loran Simons fenomeni bilan tanishamiz.

Hammasi “sekinroq”: Loranning muammosi

Loranning hikoyasi boshqalarnikiga qaraganda noodatiy joydan boshlanadi. 4 yoshida maktabga borarkan, u va o‘rtoqlari o‘rtasida muammo paydo bo‘ladi. Oddiy bolalar o‘yinchoqlar bilan o‘ynab, sho‘xlik qilib yurisharkan, Loran ularni tartiblab, kategoriyalarga ajratib chiqardi. U shunday qilishni yaxshi ko‘rardi. Ammo bu oddiy qiziqish emas edi, balki fikrlash uslubi edi. Vaqt o‘tib muammo sababi ochiladi — tizim “bolakay”ga mos kelmayotgan edi.

Loran 6 yoshga to‘larkan, o‘qituvchilari bu o‘quvchini oddiy maktab jadvali bilan o‘qitib bo‘lmasligini tushunishadi va gimnaziyaga o‘tkazishadi. Bu yerda unga individual o‘quv dasturi berildi.

Aynan mana shu nuqtada har bir talaba uchun muhim keys bor: yosh Simons o‘shanda tez o‘qigani uchun emas, to‘g‘ri o‘qitilgani uchun o‘rtoqlaridan o‘zib ketdi. To‘g‘ri e’tibor berilgach, keyinroq ma’lum bo‘ldiki, Loranning o‘yinchoqlarni terishi mayda detallar emas edi. Aynan shu fikrlash uslubi uni kvant fizikasiga olib kiradi. Chunki 8 yoshida maktabni tugatib, 9 yoshida universitetga kirgan kichik Simons fizika yo‘nalishini tanladi va bu tasodif emas edi…

“Yulduz”ning xatolari …

2009-yilda Belgiyaning Ostend shahrida tug‘ilgan Loran Simons o‘zining dastlabki akademik yillaridayoq Belgiya mediasida sensatsiya ochdi. Yosh olim 8 yoshida maktabni tugatarkan, butun Yevropa e’tiboriga ham tushgandi.

2025-yil 17-noyabr kuni u Antverpen universitetida 2-doktorlik dissertatsiyasini omma oldida himoya qildi. Earth.com tomonidan keltirilgan universitet ma’lumotlariga ko‘ra, bu yutuq uni dunyo tarixidagi eng yosh doktorlardan biriga aylantirdi. Ammo bu paytgacha unda ham boshqalar kabi noto‘g‘ri tanlov va muhim qaror qabul qilish pallalari bo‘lgan.

9 yoshida kichik Simons Niderlandiyadagi Endhoven texnologiya universiteti elektr muhandisligi fakultetiga o‘qishga kirgan. Lekin Simonslar oilasi va oliygoh o‘rtasida bitirish muddati bo‘yicha kelishmovchilik paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng Loran Antverpen universitetining fizika kursiga o‘tadi va 18 oyda a’lo baho bilan bakalavr diplomini qo‘lga kiritadi. O‘shanda u 12 yoshga to‘lgandi.

Tezlik emas, tushunish: “muz va suv” o‘yini

Ko‘pchilik Loran Simonsning yutuqlarini tezlik bilan bog‘laydi. 8 yoshida maktabni tugatgan, 12 yoshida bakalavr, 15 yoshida PhD — bu daholik, boshqalarda bunday imkoniyat yo‘q, deyishadi.
Lekin bu yerda asosiy javob boshqa joyda: u nimani boshqalardan oldin tushundi?

Loran 9 yoshidayoq universitetga kirganida, qiziqishi faqat formulalarda emas edi. U tizimlarni tushunishni xohlardi. Masalan, u kvant fizikasidagi murakkab jarayonlarni quyidagicha tasavvur qilgan:
muz ustida oqayotgan suv va uning ichida harakatlanayotgan muz bo‘laklari.

Bu oddiy misol orqali u murakkab narsani tushunib yetgan: har bir zarracha yolg‘iz emas — u boshqalar bilan doimiy bog‘liq. Fizikada bu — zarracha o‘z atrofidagi boshqa zarrachalarni “ergashtirib”, yangi holat hosil qilishidir. Loran aynan shu jarayonni “supersolid” deb ataladigan noyob holatda o‘rgangan. Bunda modda bir vaqtning o‘zida kristall kabi tartibli bo‘ladi, ammo suyuqlik kabi oqadi.

Aslida bu kabi nazariyalar laboratoriyada ultra past haroratda o‘rganilardi. Yosh Simons esa buni tajribalardan emas, balki matematik model (path integral, variational usullar) orqali hisoblagan. Ya’ni u real tajribani oldindan “hisoblab ko‘ra olgan”.

Muz bo‘lagi va inson qon tomirlari: laboratoriyadan tibbiyotgacha

Loran Simons uchun fizika — bu faqat nazariya bo‘lmagan. Germaniyada, xususan Max Planck instituti laboratoriyalarida ishlaganida, uni bir savol qiziqtira boshlaydi:
“Agar biz zarrachalarni shu darajada aniq tushunsak, nega inson tanasini ham shunday o‘rganmasligimiz kerak?”

Shu nuqtadan boshlab u kvant fizikasini biologiya, tibbiyot va sun’iy intellekt bilan bog‘lay boshladi. Va Loranning aynan ushbu yangi modeli inson organizmidagi murakkab jarayonlarni tushunishga yordam berardi. Bu topilma bilan u ikkinchi doktorlik ishiga kirishdi.

Bugunda Loran Simonsning tajriba ishlari fiziklar, biologlar va sun’iy intellekt mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Chunki uning ishidagi muvaffaqiyati faqat tezkor natijalari bilan emas, balki qayta takrorlanadigan protokollar, ishonchli ma’lumotlar va qat’iy eksperimentlar bilan mustahkamlanishi kerak. Simons boshdan kechirayotgan bu jarayon har bir universitet talabasiga o‘zini qiziqtirgan ilmiy izchillikni topish va uni chuqur o‘rganish ahamiyatini ko‘rsatadi.

Simonslar oilasi va Marvel filmlari

Tashqaridan qaraganda, Loran ham boshqa tengdoshlari kabi oddiy yigit. Faqat uning atrofidagilardan kichik farqi: u murakkab narsalarni soddalashtirib ko‘ra oladi, chunki uning bu qobiliyatini bolaligidan qo‘llab-quvvatlashdi. Vaqtlar o‘tib bu iste’dod uning eng katta kuchiga aylandi.

Simonslar oilasi hikoya qilishicha, Loranning noodatiy qobiliyatlari bolaligida namoyon bo‘lgan. Otasi aytishicha, Loranni chaqaloqligidan bobosi katta qilgan va shunday payt kelganki, bog‘cha opalari bolakayni “juda aqlli” ekanini bot-bot takrorlay boshlashgan. Shundan so‘ng ota-onasi kichik Simonsni 4 yoshidayoq maktabga olib borishdi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘qitish tizimi mos kelmagach, Loran 6 yoshida gimnaziyaga o‘tkaziladi va unga darhol individual darslar berila boshlaydi.

“Mendagi qobiliyatni ilk bor ota-onam va o‘qituvchilarim anglagan. Birinchi marta ular menga topshiriq berishganda, men tezda uni bajardim. Keyin ular qiyinroq va ko‘proq masalalar berishdi, men ularni ham darhol yechdim”, — deydi, bolaligini eslarkan Loran.

Sakkiz yoshida u barcha imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tarkan, atrofdagilari endi bundan hayratlanishmas, aksincha kichik Simonsdan ilhomlana boshlashgandi. Shu zaylda bo‘lajak daho to‘qqiz yoshida universitetga kirdi, 12 yoshida esa Max Planck instituti tarixidagi eng yosh doktorantlardan biriga aylandi. Simons Loran hozirgacha Rim papasi bilan uchrashdi, Nobel mukofoti laureatlari bilan muloqotlar qildi va dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida ma’ruzalar o‘qidi.

G‘ayrioddiy karyeraga qaramay, ota-onasi yosh o‘smirning hayotini iloji boricha normal saqlashga harakat qilishadi, xuddi boshqa tengdoshlarinikidek.

“Meni yoshimga mos o‘z qiziqishlarim bor. Masalan, kartingda uchish sevimli mashg‘ulotim, ayniqsa Marvel filmlarini tomosha qilish juda yoqadi. Yoki uyda dam olib do‘stlarim bilan Fortnite yoki Minecraft kabi video o‘yinlar o‘ynaymiz. Men tengdoshlarim bilan o‘zimni oddiy odamlardek his qila olaman. Ba’zan miyam ko‘p ma’lumotlardan chalg‘ishni istasa, musiqa tinglayman va hatto raqsga ham tushaman”, — deydi Loran.

O‘smir Simons aytishicha, u “oddiy hayotda yashashni” yo‘qotib qo‘yishni xohlamaydi. Va ehtimol aynan shu balans unga murakkab narsalarni oddiy tasavvur qilish imkonini beradi.

Qolaversa, Simonslar oilasi AQSh va Xitoydagi yirik texnologik kompaniyalardan kelgan bir nechta takliflarni rad etishgan. Yosh olim marketing yoki tog‘dek va’dalardan ko‘ra, tibbiyotga e’tibor qaratishni afzal ko‘rdi. Loranning maqsadi odamlarga abadiy hayotni sovg‘a qilish emas, aksincha, u aniq ilmiy usullar orqali insonlarning sog‘lom umrini uzaytirishni istaydi.

PhD himoyasidan so‘ng, Loran Myunxenga otasi bilan ko‘chib o‘tdi va u yerda sun’iy intellektga ixtisoslashgan tibbiyot fanlari bo‘yicha uchinchi doktoranturaga yozildi. Uning maqsadi oddiy ilmiy kashfiyotlardan oshib o‘tib, insonning sog‘lom umrini uzaytiradigan vositalar yaratishga aylandi.

“Odamlarni qutqaraman”: superodamlar — fantaziya emas

Belgiyalik o‘smir 15 yoshida allaqachon ikkinchi doktorlik dissertatsiyasini yoqladi, birinchi PhD ni esa u 12 yoshida himoya qilgan edi. 8 yoshida maktab attestatini olib, 11 yoshida magistraturani tugatgan Simons Loran ayni paytda Germaniyadagi Myunxen institutida tibbiyot va sun’iy intellektni birlashtirgan uchinchi ilmiy darajasi ustida ishlamoqda.

“Men superodamlar yaratmoqchiman. Masalan, Maykl Jordan kabi sakraydigan va olimpiya sportchilari kabi yuguradigan”, — deydi u BILD nashri bilan suhbatda.

So‘nggi dissertatsiya Loranning nazariy kvant fizikasiga bag‘ishlangan, avvalroq u tajribaviy fizika bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan edi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, Loranda fotografik xotira kuchli va u rivojlantirilgan qobiliyati orqali murakkab hodisalar orasidagi bog‘lanishni tezda topa oladi.

Garchi ilmiy darajalarni olgan bo‘lsa-da, Loranning “men super odamlar yaratmoqchiman” degan gapi eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladi. Chunki bu mavzu 21-asrning dolzarb yo‘nalishi. Yosh va zamonaviy dahoning bu maqsadini ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunadi. Gap 15 yoshli g‘o‘r o‘smirning Marvel filmlaridagi qahramonlari haqida emas.

Loranning “superodam”i — bu:

  • kasallikni erta aniqlay oladigan organizm,
  • tez tiklanadigan tana,
  • uzoq va sog‘lom umr deganidir.

Buning uchun esa Loran Simons tasavvur qilayotgan texnologiyalar:

  • organizm ichida ishlaydigan kichik sensorlar,
  • sun’iy intellekt orqali kasallikni oldindan aniqlash,
  • biologik signallarni real vaqtda tahlil qilish.

“Bu g‘oya fantastika emas — bu zamonaviy dunyoning yangi boshlanayotgan ilmiy yo‘nalishi”, — deydi Loran. Uning aytishicha, hozirda olimlar nafaqat inson tana a’zolari, balki ichki organizmlarini ham yaratishmoqda. Fikriga misol sifatida AI bilan yaratilgan “bekpek” uslubidagi yurak modellarini keltiradi.

Xo‘sh, bu g‘oyaga Simons qanday yetib keldi? Loran Simonsning 2-doktorlik ishi juda murakkab mavzuga bag‘ishlangan edi. U polaronlar haqida o‘rgandi — ya’ni yaqin atrofdagi atomlar bilan ta’sirlashib, ular bilan “o‘ralib qoladigan” zarrachalar. Bu jarayonda juda past haroratda yashovchi Eynshteyn kondensatining bir zarrachasi xarakterini o‘rganib chiqdi.

Loran kvant fizikasi bilan ishlash orqali inson tanasidagi murakkab tizimlarni tushunish imkoniyatini ko‘rdi. Misol uchun, polaronlar xarakterini tushunishi ortidan inson qon tomirlari oqimida kichik zarrachalar qanday harakat qilishini tahlil qila boshladi. Ya’ni shu nuqtagacha yoqlagan doktorlik ishlari — supersolid va polaronlarni tushunish — unga kasallikni erta aniqlash uchun yangi lazer yoki sensorlar yaratish g‘oyasini olib keldi.

Loran tushuntirishicha:
“Super odamlar” loyihasi fizika yordamida tananing ichidagi mikrotizimlarni o‘rganadi. Simonsning tibbiy sun’iy intellekti biologik signallarni tahlil qiladi. Qaysi organ qachon, qanday ishlashini oldindan aytadi. Olimning bundan maqsadi tanani kasalliklardan himoya qiladigan yoki sog‘lom umrni uzaytiradigan texnologiya yaratish.

“Bunda tana ichida mikro-robotlar yoki sensorlar bo‘lishi shart emas, AI sizning biologik signallaringizni — qon bosimi, genetik markerlar va metabolizm kabi — tahlil qiladi”, — deydi 16 yoshli geniy.

Bir qarashda bu hikoya rekordlar va boshqalar takrorlay olmaydigan daholik haqida go‘yo. Ammo Loran Simons fenomeni:

  • individual ta’lim,
  • o‘z yo‘nalishini erta topish,
  • va ayniqsa bilimni real muammolarga bog‘lash natijasi.

Ha, bu hikoya bitta vunderkind haqida emas, aslida bu har bir talaba uchun qator savollarni o‘rtaga tashlaydi. Ta’lim tizimi hamma uchun bir xil bo‘lishi kerakmi? Tez o‘rganadiganlar necha yoshda aniqlanmasin, ular uchun alohida o‘qitish tizimi kerakmi? Va eng muhimi — biz bilimni baho uchun o‘rganayapmizmi yoki haqiqiy muammolarni hal qilish uchunmi?

Bunda asosiy masala va eng nozik nuqta namoyon bo‘ladi. Aslida gap qanchalik tez o‘qishda emas — gap nimani, nima uchun o‘rganayotganlikda. Xuddi shu kabi Loran Simonsning “superodam”i ham — ko‘proq yuguradigan emas, balki kam kasal bo‘ladigan, uzoq yashaydigan va tez tiklanadigan insonlar bo‘ladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari