14:41, Avgust 7, 2026
/
1,7 тыс

Buxoroda tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Buxoro viloyatida fuqaroni tibbiyot yo‘nalishiga 4-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 26 mln so‘m olgan shaxs ushlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qorako‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda fuqaro X.T. boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, go‘yoki uning Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida 1–3-kurslarda o‘qigani haqida qalbaki hujjatlar tayyorlab berishini aytgan.

Shuningdek, u yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Buxoro Innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining tibbiyot yo‘nalishiga 4-kursdan o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Shaxs kelishilgan 26 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi – firibgarlik hamda 28, 211-moddasi – pora berish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, o‘qishga kiritib qo‘yishga 10 ming hamda “perevod” qildirish uchun 6 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari