Muhandislik maktablarining bitiruvchilari OTMga 2-kursdan sinovlarsiz qabul qilinadi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik maktablari tashkil etilmoqda.
Mazkur dargohlarda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlari bilan integratsiyalashgan muhandislik ta’lim dasturi joriy etiladi. Ushbu maktablar 14 ta hududda tashkil etiladi.
Muhandislik maktablarida oʻquv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi va 240 nafar o‘quvchi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ta’lim oladi.
1–3-yillar: fizika, matematika va xorijiy til fanlariga,
4–5-yillar: muhandislik fanlariga boshlangʻich tayyorgarlikka eʼtibor qaratiladi.
Belgilangan talablarni bajargan muhandislik maktablari bitiruvchilariga muhandislik taʼlim dasturi boʻyicha tegishli oliy taʼlim yoʻnalishida bir yillik qoʻshimcha davlat granti asosida 2-kursdan test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishni davom ettirish huquqi beriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilg‘or muhandislik maktabi” milliy tanlovi o‘tkaziladi.
Bu tashabbus yoshlarning ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirish hamda muhandislik sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.