Oʻzbekistonning 12 ta oliy taʼlim muassasasi Top 1000 talikka kirdi

Kuni kecha nufuzli xalqaro reyting agentligi Times Higher Education (THE) “Impact Rankings 2025” natijalarini e’lon qildi. Reyting natijalariga koʻra, Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalari mintaqada eng yuqori koʻrsatkichlarni qayd etib, Markaziy Osiyo va Kavkaz hududining mutlaq yetakchisiga aylandi.
Agentlik Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs) boʻyicha universitetlarning hissasini tahlil qildi. Oʻzbekistonning jami 59 ta oliy taʼlim muassasasi roʻyxatga kiritildi, bu mintaqadagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Quvonarlisi shundaki, Oʻzbekistonning 12 ta oliy taʼlim muassasasi dunyoning Top 1000 universitetlari qatorida munosib oʻrin egalladi.
Ulardan 3 tasi: O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamda Milliy tadqiqot universiteti “TIQXMMI” eng yuqori koʻrsatkich – kuchli 300 likdan joy oldi.
Kuchli 1000 talik ichida Toshkent davlat yuridik universiteti, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetlari ham bor.
13 ta oliygoh reytingning 1001-1500-gacha bo’lgan darajalaridan joy olgan. Qolgan 34 oliy ta’lim muassasasi 1500 dan keyingi o’rinlarda qayd etilgan.