Xalqaro talabalar uchun AQSh yo‘llari yopilmoqda

AQSh da talabalar uchun yo‘lga qo‘yilgan yangi viza tizimi yuzasidan Amerika Kengashlari Assotsatsiyasi (ACE) hamda 53 ta oliy ta’lim tashkiloti Ichki Xavfsizlik Departamentiga talabalar va olimlar vizalariga qat’iy chegaralar joriy qilish taklif etilgan qonun loyihasiga qarshi izohlar yuborib, uni qaytarib olishni so’ragan.
«Bizningcha, bu noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslangan va xalqaro talabalar yoki hozirgi tizimda mavjud bo‘lmagan muammolarni hal qilishga urinadi. Agar bu qoida joriy etilsa, xalqaro talabalar imkoniyatlarini keskin cheklaydi va ularni AQShni tanlashdan qaytaradi», – deyiladi ular yuborgan xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, xalqaro talabalar AQSh da bakalavr darajasini olish uchun, odatda, 4 yildan ko‘proq vaqt sarflaydi. Boshqa keng tarqalgan yo‘llar — qo‘shma diplom dasturlari, tibbiy rezidentura va kollejdan universitetga o‘tish (transfer) dasturlari ham ko‘pincha to‘rt yildan oshadi.
PhD darajasini olish ilinjidagi talabgorlar esa olti yildan o‘n yilgacha vaqt sarflashadi. Yangi qonun talabalarning o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan qoidalar uchun nohaq jazolanishiga va byurokratiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin.