11:38, Oktabr 2, 2025
/
541

O‘zbekistonda talaba sifatida qancha “daromad” qilsa bo‘ladi?

TRT ning xabar berishicha, Tesla asoschisi Elon Musk dunyoning ilk “yarim trillioneri”ga aylandi. Ayni damda uning boyligi 500 millliard dollarga baholangan.

Ammo bizning “Tesla” ga o‘xshash loyihamiz yo‘q. Mayli, jaa katta bo‘lmasa ham daromadimiz bor, eng asosiysi esa hali dunyoni yaxshi tarafga o‘zgartiradigan g‘oyalarimiz bor. Hozir ortiqcha his-tuyg‘uga berilmaylik-da, keling, oddiy talaba sifatida bir oyda davlat tomonidan qancha miqdorda “daromad” bilan ta’minlanishimizni bir ko‘rib chiqaylik. Aytgancha, darsdan tashqari ishlash barchaning o‘z xohishiga bog‘liq, biz esa xodim emas, faqatgina talaba statusiga ega insonning “daromadi”ni baholaymiz.

Bugungi kunda oddiy talabaning bir oylik stipendiyasi 569 ming 670 so‘mni tashkil etadi. Agar bilimingiz va omadingizni ishlatib semestrni to‘liq “5” ga yopsangiz, keyingi 6 oy davomida 683 ming 604 so‘m olasiz. Shuningdek, nomdor stipendiyalar sohiblari uchun mos ravishda 2 million 410 ming 695 so‘m (faqat Prezident stipendiyasi uchun) hamda (Beruniy, ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek, Imom al-Buxoriy, Bobur, Pahlavon Mahmud, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Islom Karimov stipendiyalari) 1 million 607 ming 130 so‘mni tashkil etadigan oshirilgan miqdorlar ham mavjud.

Talabalar uchun turar joy eng og‘riqli nuqta bo‘lgan poytaxt Toshkentda va viloyatlarda yotoqxona bilan ta’minlanmagan talabalar uchun so‘nggi yillarda hukumat tomonidan ijara shartnomasining yarmini to‘lab berish tartibi ham yo‘lga qo‘yildi. Uning miqdori narxlar tafovuti doirasida maksimum poytaxt talabalari uchun 412 ming so‘m, qolgan hududlarda esa 206 ming so‘mni tashkil etadi.

Yakuniy hisob-kitobga ko‘ra, agar Siz Toshkent shahridagi universitetlardan birining stipendiya oluvchi o‘rtacha bahoga o‘qiydigan viloyatlik, biroq talabalar turar-joyi bilan ta’minlanmagan talabasi bo‘lsangiz, har oy davlat tomonidan 569+412=981 ming so‘m olishingiz mumkin. Xarajatni to‘liq qoplashga yetadi demaymiz-u, lekin yo‘qdan ko‘ra harnada)

Fikrlar (0)
Avval yangilari