13:24, Oktabr 3, 2025
/
588

Toshkentda nogironligi bo‘lgan 17 yoshli bolaga zo‘ravonlik qilindi

Toshkentdagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun kasb-hunar sanoat texnikumida nogironligi bo‘lgan 17 yoshli bola zo‘ravonlikka uchradi. Bu haqida uning onasi ijtimoiy tarmoqlarda video orqali ma’lum qildi. Video hozirda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Bolaning aytishicha, uning ko‘kragiga mushtlab, orqasiga esa kamar bilan urishgan. Onaning so‘zlariga ko‘ra o‘g‘li 2-guruh nogironi. O‘zlari Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashashlariga qaramay, kasb-hunar o‘rganishi, ta’lim olishi uchun farzandini Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maxsus texnikumga bergan. 3 hafta o‘qigach 29-sentyabr sanasida o‘g‘lini uyga olib kelish uchun borgan ayol bolasini urilgan, badanlari ko‘kargan holda ko‘radi. “Vahshiylarcha urgan, bolamning tishini sindirgan. Mana, pastki tishi singan. Yuz ko‘rinishi mana shunday, bugun ko‘zlari ochilgan holati bu”, — deydi ona.

“Meni bolamdan 3 kundan buyon hali hech kim xabar olgani yo‘q. Nima bo‘ldi, nima qo‘ydi ham degani yo‘q. Bolamga kim yordam beradi? Kim menga bu holatni tushuntirib beradi? Kim shunchalik bolamga zulm o‘tkazdi? Vahshiylarcha urgan, badanlariga qarab bo‘lmaydi. Iltimos, menga yordam beringlar. Bolamning sog‘ligi, kelajagi uchun qilgan shuncha harakatlarimni bir pul qildi bular”, — deya qo‘shimcha qilgan ayol video davomida.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ushbu video yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan rasmiy munosabatida mazkur voqeani har tomonlama va xolisona o‘rganish maqsadida zudlik bilan maxsus ishchi guruh tuzilgani, voqeaning kelib chiqish sabablari hamda tafsilotlari batafsil o‘rganilib rasmiy xulosalar qo‘shimcha ravishda berib borilishini ma’lum qilgan.

Bolalar ombudsmani esa Gazeta.uz internet nashriga tashkilotga fuqaro X.G tomonidan 2-guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘li R.F ga nisbatan kasb-hunar texnikumida zo‘ravonlik qilingani haqida murojaat kelib tushganligini bildirgan. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotgani, bolaning jarohatlariga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangani ma’lum qilingan. Biroq ombudsman bu haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida negadir umuman e’lon qilmagan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Bolalar ombudsmanidan ushbu voqea yuzasidan yangi va xolis bayonotlar kutib qolamiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari