Bir oyda Toshkentda yashash talabaga nechpulga tushadi?

“Avlod media” jamoasi ushbu qiziqarli mavzu yuzasidan so‘rovnoma olib bordi. Natija bilan doimgidek eng oxirida bo‘lishamiz.
Jamoamiz bilan ijtimoiy tarmoqlardagi talaba-tengdoshlarimiz o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnomamizda 927 kishi ishtirok etdi. Ularga berilgan “Bir kunda transport, oziq-ovqat hamda boshqa mayda chiqimlarga qancha sarflaysiz?” savoliga auditoriyaning eng katta qismi – 339 nafar talaba 25 mingdan 50 ming so‘mgacha degan javobni tanlagan. 306 kishi esa kunlik xarajatlarini 50 mindan 100 ming so‘mgacha baholagan. 136 talaba kundalik xarajatlariga maksimum 200 ming so‘m sarflasa, 146 kishining chiqimlari 200 ming so‘mdan ham ko‘p ekan. Ushbu ko‘rsatkichlarga asoslanib bir talaba bir kunda 99 ming pul sarflaydi deyishimiz mumkin edi. Ammo bu summa eng ko‘p ovoz bergan talabalarimiz uchun maksimal miqdor ekanligini hisobga olib, bir talaba bir kunda o‘rtacha 70 ming so‘m sarflashi reallikka nisbatan yaqin deb qabul qilamiz. 70*5=350 ming so‘m bir haftaga, 350*4= 1 million 400 ming so‘m oyiga.
Endi turar-joy xarajatlaridan to‘xtalamiz.. Ayni vaqtda Toshkent shahrida bitta talaba uchun o‘rtacha kvartira summasi 700 ming so‘mni tashkil qiladi. Bundan arzonga ham, qimmatga ham topish mumkin, 700 ming so‘m – shunchaki o‘rtacha hisoblangan qiymat.
Hayotiy ehtiyojlardan yana biri – bu ovqatlanish. Nonushta va kechki ovqat xarajatlari sizga bir haftada o‘rta qiymatda 100 ming so‘mga aylanadi. Hatto shuncha summadan yig‘ib yakshanba kuni haftalik bozorlik qilish talabaning an’anasiga aylanib ketgan. Shunda bir oyda kvartirada ovqatlanish xarajatingiz 400 ming bo‘ladi ekan.
Kiyim-kechaklarga talabaning kamtarona byudjetidan har oyda 200 ming ajratamiz. Bu miqdorni aniq belgilash qiyin, chunki ba’zi oylarda xaridga chiqmasangiz, ba’zilarida bir million so‘mlik kiyim-kechak sotib olishingiz mumkin. Shu sabab yuqoridagi qiymatni aniqlikka yaqin nisbat deb oldik. Telefon xarajatlarini esa bir oyda o‘rtacha 50 ming so‘m deb belgiladik.
Yana bir nuqtaga e’tiborimizni qaratamiz: shunday katta va go‘zal poytaxtni aylanmasdan talabalikni o‘tkazib bo‘larkanmi? O‘zi darsdan charchadik, dam olamiz deymiz-u, lekin tan oling – baribir dam olish kuni o‘rtoqlarimiz bilan qayergadir aylangani boramiz. Bundan tashqari, chiroyli joylarda ovqatlangimiz, konsertlarga tushgimiz keladi. Bir oyda kamida 200 ming so‘m pulimiz aniq shunga ketadi. Bu xarajatni ko‘zdan qochirolmaymiz.
Eng hayajonli daqiqalar, xo‘sh, bir talabaning umumiy bir oylik xarajatlari qanchaga tushadi?
1 400 000+700 000+400 000+200 000+50 000+200 000= 2 950 000
Xulosa sifatida bir talabaning bir oylik xarajatlari o‘rtacha hisobda 2 million 950 mingga tushadi deb aytishimiz mumkin. To‘g‘ri, bu shunchaki taxminiy va nisbiy miqdor, aslida, o‘qish xarajatlarining aniq bitta qiymati yo‘q. Hamma buni imkoni va sharoitidan kelib chiqib turlicha belgilaydi. Biroq kamida 50% talaba bir oylik xarajatlarini aynan 2 million 950 va shunga o‘xshash summa ustida hisoblaydi.
Xo‘sh, Siz bir oyda qancha pul sarflaysiz, aziz talaba?