13:31, Oktabr 18, 2025
/
2,3 тыс

Bugungi befarqlik – ertangi pushaymonlik!

16-oktyabr kuni “Avlod media”ning rasmiy saytida “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokamaga qo‘yilgani, undagi ba’zi o‘zgarishlar yuzasidan material joylashtirgan edik. Keyinchalik ko‘rishlar soni, takliflar hamda ovozlarni kuzatib bordik. Ayni vaqtga qadar Qonun loyihasini salkam 3 ming kishi ko‘rgan, atigi 8 kishi (6 tasi ma’qullab, 2 tasi qarshi) ovoz bergan, undan-da yomoni biror kishi taklif bildirmagan!

Mamlakatning “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni nafaqat ta’lim tizimining huquqiy poydevori, balki har bir talabaning kelajakdagi hayoti, huquqlari va imkoniyatlarini belgilab beradigan ustuvor hujjatdir. Ushbu qonun orqali talabalar bepul bilim olish huquqi, ta’lim sifatining kafolatlanishi, stipendiya va imtiyozlar, shuningdek, o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun teng sharoitlarga ega bo‘ladi. Qonun talabalarning nafaqat o‘quv jarayonidagi, balki ijtimoiy faoliyatdagi manfaatlarini ham himoya qiladi, ularni erkin fikrlash, innovatsion g‘oyalarni ilgari surish va xalqaro standartlarga mos ta’lim olishga undaydi.

Shunday ekan, bu qonun – oddiy normativ hujjat emas, balki har bir yoshning kelajagini shakllantiruvchi hayotiy yo‘l xaritasidir. Uning muhokamasidagi “o‘lik sukunat” esa shu mamlakat talabalarining o‘zlariga oid eng ustuvor masalalarda naqadar befarq ekanligini ko‘rsatadi. Bir narsani unutmang, ertaga bugungi loqaydlik ortidan kelgan natijaga norozilik qilishga haqqingiz yo‘q!

Loyiha muhokamasida ishtirok etish uchun quyidagi havola ustiga bosing👇🏼
ISHTIROK ETISH

Fikrlar (0)
Avval yangilari