Vazirlik yolg‘onchimi yoki mas’ullar mas’uliyatsiz?

Xabaringiz bor, oxirgi paytlarda stipendiya masalasi ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”. Birinchi bosqich uchun mayli, lekin yuqori kurslarga sentyabr oyi stipendiyasining oktyabr oyi 20-sanasigacha to‘lab berilmasligi… uyatdan boshqa narsa emas!
9-oktyabr kuni sohaga mas’ul Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy sahifasida “barcha oliy ta’lim muassasalarida yuqori kurs talabalariga stipendiyalar to‘lab berilgani; ayrim oliygohlarda 1-bosqich talabalariga stipendiya tayinlash bo‘yicha tegishli buyruqlarni rasmiylashtirish va bank plastik kartalarini ochish jarayoni kechikkani sababli to‘lovlar amalga oshirilmasdan qolgani; barcha oliy ta’lim muassasalari talabalariga stipendiya to‘lovlari joriy hafta yakuniga qadar amalga oshirilishi” haqida rasmiy bayonot e’lon qilingan edi.
Biroq, “Avlod Media” jamoasi bilan olib borgan so‘rovlarimizga ko‘ra, bu axborot yolg‘on ekanligini aniqladik.
Birinchidan, vazirlik xabarida yuqori kurslarga stipendiyalar to‘liq tushirib berilgani haqida yozilgan. Ammo bizga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Jizzax davlat pedagogika universiteti hamda Samarqand davlat universitetidagi yuqori kurs talabalari (aksariyati stipendiyali kontraktlar) ga ayni soatgacha sentyabr oyi stipendiyasi to‘lab be-ril-ma-gan!
Ikkinchidan, axborotda biroz chalkashlik bor. 1-bosqich talabalariga karta rasmiylashtirish jarayoni kechikkan ekan, mayli. Bu degani ularga ham tushirib beriladi degani edimi? Oradan deyarli 2 hafta o‘tdi, nega hafta yakunigacha deyilgan topshiriq hali bajarilmagan?!
To‘g‘ri, hozir deyarli barcha oliy ta’lim muassasalari o‘z o‘zini moliyalashtirish tizimiga o‘tgan. Balki, kechikish masalasi byudjet bilan bog‘liqdir, uni tushunsa bo‘ladi. Ammo bu vazirlikning yolg‘on axborot berishga, talabalarni bekorga umidvor qilishga haqqi bor degani emas-ku! Ehtimol, vazirlikdan stipendiyalarni hafta oxirigacha har qanaqasiga to‘lab berish haqida tashkilotlarga topshiriq berilgandir. Unda nega topshiriq bajarilmadi?! Nega ijro masalasida oxirigacha borilmadi?
Bu vaziyatda vazirlik yolg‘onchimi yoki mas’ullar mas’uliyatsizmi – aniq bilmaymiz. Eng yomoni bu vaziyatda talabalar aziyat chekmoqda. Amalga oshmaydigan narsa uchun ularni kuttirish xato. Qo‘ldan kelmaydigan narsaga va’da berish esa ikki karra xato!