08:29, Oktabr 29, 2025
/
871

Yangilik: Oliy ta’lim sohasi uchun yana bir muhim hujjat loyihasi Senatga yuborildi

Yurtimizda ko‘payib borayotgan xorijiy talabalar, shuningdek, O‘zbekistonda tahsil olayotgan mahalliy talabalarning diplomlarini dunyo miqyosida tan olish masalalari yaqin oylarning dolzarb mavzularidan biriga aylanib bormoqda. Bundan 3 yil avval xorijiy talabalarning soni 3 ming bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 30 mingga yetdi. O‘z navbatida, O‘zbekistondan chet davlatlarga borib tahsil olayotgan yoshlarimiz safi ham tobora kengayib borayotgani quvonarli. Jumladan, 150 mingga yaqin talaba yoshlarimiz xorijdagi Top universitetlarda ta’lim olmoqda. Talabalarimizning xalqaro nufuzini yana-da oshirish, ta’lim sifati samaradorligini yuksaltirish maqsadida 28-okyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasida “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Oliy ta’lim sohasida malakalarni tan olish global konvensiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy ta’lim bo‘yicha birinchi global shartnomasi hisoblanadi. Xususan, u dunyo bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish va ular o‘rtasida mobillikni yaxshilash maqsadida o‘quv kurslari, ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar va malakalarni tan olishning universal tamoyillarini belgilaydi. Ushbu konvensiyani ratifikatsiya qilish oliy ta’lim sohasidagi malakalarni adolatli, shaffof va kamsitmasdan tan olish uchun asos yaratadi. Qolaversa, mintaqalararo akademik mobillik uchun imkoniyatlar ochib, kvalifikatsiyalarni tan olish amaliyotini yaxshilashga qaratilgan universal tamoyillarni joriy qiladi. Hozirda konvensiyani 38 ta davlat ratifikatsiya qilgan.

Quvonarlisi, qonun loyihasi birinchi o‘qishdayoq muhokamaga qo‘yilgan va deputatlar tomonidan ma’qullanib Senatga yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida, nostrifikatsiya bo‘yicha navbatdagi test sinovlari ertaga o‘tkaziladi. Ishtirok etuvchilar ro‘yxati bilan Bilimni baholash agentligining Oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash va apostil qo‘yish bo‘limi telegram kanali orqali tanishishingiz mumkin.

Aytgancha imtihonga borishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatingiz (passport yoki ID-karta) ni unutmang.

Fikrlar (0)
Avval yangilari