Eski hammom, eski tos: qachon bizda aytilgan so‘zga otilgan o‘q sifatida qaraladi?
Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda “2025-yil 1-noyabrdan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari talabalari oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarib olish uchun yagona portal orqali ariza topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – degan xabarlar tarqalgan edi.
Avval bu jarayon murakkab edi, buning uchun talabalar maʼlumot yoki hujjatlarni dekan o‘rinbosariga, fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘limiga yoki talabalarni uy-joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi oliygoh bo‘limiga topshirishlari kerak edi, endi oson bo‘ladi deb hammayoqqa jar solindi. Hamma talabaning bitta ishi oson bo‘larkan deb xursand bo‘ldi, lekin qani, qayerda?
Bugun 3-noyabr, belgilangan sanadan keyin 2 kun o‘tganiga qaramay my.gov.uz portalida talabalar ijara shartnomasini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq xizmatning o‘zi tugul nomi ham ko‘ringani yo‘q. balki biz adashayotgandirmiz degan “umid” da Adliya vazirligi “kotibasi” Muxlisa (AI) ga savol bergandik, afsuski, u ham gumonlarimizni tasdiqladi.
Aytgancha, Muxlisadan yana bir javobsiz savol so‘rab qo‘yibmiz. Hech bo‘lmasa, sun’iy intellekt bilar degan yaxshi gumonda edik-da)

Ma’lumot o‘rnida, talabalar uchun ijara to‘lovlarining 50% gacha qismini to‘lab berish amaliyoti mamlakatimizda 2021-yil sentyabrdan beri amalga oshirilmoqda. Bu miqdor ayni vaqtda Toshkent shahrida 412 ming, viloyatlarda 206 ming so‘mni tashkil qiladi. Ushbu summa sizga to‘lanishi uchun siz uyni ijaraga beruvchi shaxs bilan birga shaxsan yoki “Soliq.uz” ilovasi orqali soliq organlarida shartnoma orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak. So‘ng tuzilgan hujjatni kontrakt.edu.uz saytidagi shaxsiy profilingizning kerakli bo‘limiga joylaysiz yoki dekanatdagi mas’ul shaxsga taqdim qilasiz. Shartnomangiz o‘rganilib, ijroga loyiq deya topilsa, sizga universitet ma’muriyati tomonidan har oy yuqoridagi summalar ijara to‘lovlaringizga yordam tariqasida to‘lab beriladi.