2027-yildan boshlab oliy ta’lim yangi tizimga o‘tadi

Rossiya oliy o‘quv yurtlari 2027-yilda oliy ta’limning yangi modeliga to‘liq o‘tadi. Bu haqida Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Dmitriy Afanasyev tarix fakultetlari dekanlari va kafedra mudirlari ishtirokidagi umumrossiya yig‘ilishida ma’lum qildi.
Afanasyevning so‘zlariga ko‘ra, 2027-yil oliy ta’limda tizimli islohotlar amalga oshiriladigan va barcha oliy o‘quv yurtlari yangi tizimga o‘tadigan yil bo‘ladi. “Biz 2027 yilni yangi modelga umumiy o‘tish yili sifatida belgilayapmiz,” – deydi u.
Vazirlik ayni vaqtda ta’lim to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritishni talab qiladigan keng qamrovli jarayonlar ustida ishlamoqda. Loyiha deyarli tayyor, hozirda u yopiq muhokama jarayonida.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 12-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin oliy ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha tezkor loyihani boshlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. 2023–2026 o‘quv yillari davomida tajriba dasturi mamlakatning olti oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilmoqda.
Yangi tizim uch bosqichli ta’limni nazarda tutadi: bazaviy oliy ta’lim, ixtisoslashgan ta’lim va professional ta’lim— aspirantura. Ixtisoslashgan ta’lim magistratura, ordinatura va assistentura-stajirovkani qamrab oladi.
Ta’lim davomiyligi bazaviy oliy ta’lim uchun 4 yildan 6 yilgacha, magistratura uchun 1 yildan 3 yilgacha bo‘lishi kutilmoqda.