Bundan buyon tibbiy ta’lim sifatini baholash uch bosqichli tizimga o‘tadi

Prezident tibbiy ta’lim bo‘yicha qator islohotlarni e’lon qildi.
Jumladan, uchrashuvda kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi e’lon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi bo‘yicha rezidentura va magistratura ham yo‘lga qo‘yiladi.
Rezidenturada ta’lim olayotgan talabalar endi bepul o‘qish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.
Bundan buyon tibbiy ta’lim sifatini baholash uch bosqichli tizimga o‘tadi. Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi bo‘yicha imtihondan o‘tkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda ko‘p vaqtini bemor oldida o‘tkazadigan, muolajalarni bajaradigan mutaxassislar – hamshiralar faoliyati alohida e’tirof etildi. Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi. Akademiya AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar oliygohlari bilan birga kelasi yildan oliy ma’lumotli hamshira tayyorlashni boshlaydi.
Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027-yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi. Bundan maqsad – yaqin yillarda oliy ma’lumotli hamshiralarning ulushini 10 foizga yetkazish. Oliy ma’lumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib rag‘batlantiriladi. Kelgusi yildan oliy ma’lumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.
Ayni paytda o‘rta ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham o‘zgartiriladi. Bu borada Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralarni tayyorlash boshlandi. Buning davomi sifatida Germaniya, Shveytsariya, AQSH kabi davlatlarning ta’lim dasturlari olib kiriladi.
Shular orqali xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralarning korpusi shakllantiriladi.