Yozma ish mavzularining oldindan oshkor qilinganligi haqidagi xabarlar asossizdir

Bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda ona tili va adabiyot fani bo‘yicha o‘tkazilgan milliy test imtihoni savollari va yozma ish mavzulari oldindan tarqalganligi haqida xabarlar e’lon qilinayotgan edi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi bu mish-mishlarga javoban uzundan uzoq rasmiy bayonot beribdi. Uning mazmunini qisqa qilib tushuntirsak:
1. Tarqalgan savollar o‘qituvchilar tomonidan shakllantirilgan. Ular orasida joriy imtihonda tushganlari ham bor, lekin aynan shu testlardan avvalgi imtihonlarda ham foydalanilgan. Ya’ni ular eski savollar, oldingi imtihondagi ayrim test topshiriqlari keyingi imtihondagi test varianti tarkibiga maqsadli tarzda kiritiladi. Bu ekvivalentlikni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
2. Badiiy asarlar asosida shakllantirilgan savollar oldindan tavsiya qilingan 40 ta kitob doirasida tuzilgan. Qaysidir repititor o‘z sahifasida oldindan taxminiy tarzda 4-5 kitob nomini e’lon qilgan. Va savollar shulardan birortasi asosida tuzilgan bo‘lishi ehtimolga yaqin holat. Bu esa testlar tarqalganligini anglatmaydi.
3. Yozma ish mavzularining oldindan oshkor qilinganligi haqidagi xabarlar ham asossizdir. Ba’zi tarmoqlarda e’lon qilingan mavzular real mavzular bilan o‘xshash bo‘lishi mumkin, ammo mohiyat tubdan farq qiladi. Yozma ish mavzusi sifatida hammaga tanish va dolzarb mavzular tanlab olinadi, ularni taxmin qilish esa juda oson.
Eslatib o‘tamiz, bundan biroz avval Telegram kanalimizda O‘zBMBA test savollarni sotyapti (mi?) nomli material e’lon qilgan edik. U ham ona tili va adabiyot fanidan savollar tarqalganligiga oid muammolar bilan bog‘liq edi.