08:03, Noyabr 21, 2025
/
526

Yemoqning qusmog‘i bor: ikki oyda 297 866 750 so‘m “foyda”

Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari, Namangan davlat texnika universiteti boʻlim boshligʻi, ushbu boʻlim mutaxassisi va boshqalar oʻzaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun oʻtkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog oʻqituvchilarga moddiy manfaat evaziga “bunker” orqali masofadan turib yordam berganliklari aniqlandi.

Maktab direktori oʻrinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog oʻqituvchilarning maʼlum bir qismidan 1300-1500 AQSH dollaridan (15 464 000 dan 17 843 000 so‘mgacha) talab qilib, joriy yil sentyabr-oktyabr oylarining oʻzida 25 000 AQSH dollari miqdorida pul mablagʻi yigʻib olishgan. Bu hozirgi kursda 297 866 750 so‘mga to‘g‘ri keladi. Zo‘r-a ishlamasdan turib 2 oyda shuncha pul topish? Ana endi tiyinma-tiyin haqqi o‘taladi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari