10:50, Noyabr 23, 2025
/
671

Metrodan battar “probka” – TDTU da nima gap?

Qalampir.uz TDTU -Toshkent davlat tibbiyot universitetida 21-noyabr kuni talabalar bilan sodir bo‘lgan videolarni e’lon qildi. Ularda oliygoh talabalarining “NB” va “2” baholarini yopish maqsadida ertalab soat 07:00 dan boshlab navbatda turgani, test tizimi ishlamay, talabalar esa markazdan chiqarib yuborilgani aks etgan.

Test natijalari 0,8 koeffitsiyentga ko‘paytirilayotgani talabalar noroziligiga sabab bo‘lgan.

Masalan, 75 ball to‘plagan talaba natija koeffitsiyenti qo‘llangach 60 ballga tushib (75*0,8=60), “qoniqarli (3)” baho olmoqda. Talabalar orasida “bu jarayon kimnidir ataylab qishki semestrga qoldirishmi?” degan savollar paydo bo‘lgan.

Sayt olib borgan surishtiruvda talabalar bu kabi muammolar muntazam ravishda takrorlanayotgani, navbatlar, tortishuvlar, hatto janjallar yuzaga kelayotganini aytishgan. Shuningdek, test markazi xodimlariga nisbatan ham e’tiroz bildirilib, ba’zi xodimlarda tegishli diplom yoki malaka yo‘qligi, ular “tanish-bilishchilik” orqali ishga olingani haqida gaplar tarqalgan.

Tahririyat holatga aniqlik kiritish maqsadida universitet rahbariyati bilan ham bog‘langan.

Rasmiy munosabatga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universitetida talabalar bilimini baholashda inson omili ta’sirini kamaytirish hamda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirish jarayoni raqamlashtirilib, test markazida kompyuterlar orqali fanlar bo‘yicha qarzdorliklarni bartaraf etish imkoniyati yaratilgan. Qolaversa, test markazining ish vaqti 9:00 dan 18:00 gacha bo‘lishi e’tiborga olinsa, murojaatda keltirilgan holat test markazining ish vaqti boshlanmasidan oldin talabalar tomonidan sun’iy ravishda to‘planish hosil qilingan. Ushbu markazning talabalar oshxonasi bilan bir joyda joylashganligi ham vaziyatni murakkablashtirgan.

Bu holatdan xabar topgan O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor, fakultetlar dekanlari va tegishli mas’ullar zudlik bilan test markaziga yetib kelib, u yerdagi vaziyatni tartibga solgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari