Yangi grant e’lon qilindimi yoki avvalgisi egasiga yetmay sarsonmi?

Xabaringiz bor, Bilim va malakalarni baholash agentligi joriy yilning 30-sentyabr kuni ilk bor davlat buyurtmasi asosida nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun 1 320 o‘rinlik grant kvotasini e’lon qilgan edi.
Hujjatlar topshirildi, imtihonlar o‘tkazildi, tanlov natijalari my.uzbmb.uz sahifasida e’lon qilinishi aytildi.
Grantlar egalarini topgandir, deb yurganimiz bir paytda 1 320 talik o‘ringa qayta qabul ochilibdi. Shunda “17-oktyabrgacha e’lon qilinadi” degan javoblar e’lon qilinmaganmi? Grantlar egalarini haligacha topmaganmi? Yoki bu imkoniyat davlat tomonidan 2-marta berilmoqdami? Grant o‘zi necha yilga beriladi? Bir kishi uchun 4 yil amal qiladimi yoki har yili kurs orasida qayta saralash bo‘ladimi?
Nodavlat va xususiy oliygohlar talabalari to‘lov-kontrakt summalarining ma’lum foizini shu paytgacha to‘lab bo‘lishgani shubhasiz. Agar hujjat topshirgan talaba grantga o‘tsa, u to‘lagan pul qaytarib beriladimi?
Savollar cheksiz, ammo afsuski tayinli javob yo‘q!
Agentlik e’lon qilgan xabar esa quyidagicha:
“2025-yil 25-noyabrdan 4-dekabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali online ro‘yxatdan o‘tadilar.
Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun 2025-yil 11-dekabrga qadar test sinovlari oʻtkaziladi.
Test sinovlari o‘tkazish sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyent shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi.
Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidagi shaxsiy kabinetidan olishlari mumkin”.
Ochiqroq aytadigan bo‘lsak, birinchi marta (30-sentyabrda) e’lon qilingan matnning sanalarini almashtirib qayta yuborib qo‘yishgan xolos.
Javobsiz savollarimizga BMBA’dan javob kutamiz. Umid qilamizki, bir kuni faqat e’lon emas, unga tegishli tushuntirish beriladigan kunlar ham keladi!
Ra’no Nusratilloyeva