Diplomlarni tan olish to‘g‘risidagi taklifga ayrim rahbarlar rozilik bermagan

Xabaringiz bor, 25-26-noyabr kunlari Toshkent shahrida birinchi marta “QS Eurasia Forum — 2025” tadbiri boʻlib oʻtmoqda. Tadbirga jahon universitetlari reytingini tuzuvchi QS platformasi vakillari, oʻnlab davlatlarning oliy taʼlim sohasi mutaxassislari, olimlari taklif etilgan.
Forum ochilishida so‘z olgan vakillar dunyoda yuz berayotgan keskin oʻzgarishlar taʼlim sohasiga ham o‘z ta’sirini oʻtkazayotganini taʼkidlashdi. Bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlikda ish tutish muhimligi aytildi.
Forumning ilk kunida so‘zga chiqqan Qozogʻiston fan va oliy taʼlim vaziri Nurbek Sayasat yaqin kelajakda yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan qator muammolarga qarshi hamkorlikda harakat qilish zarurligiga alohida toʻxtaldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar Vazirining Markaziy Osiyodagi oliygohlar bir-birining diplomini tan olishi boʻyicha taklifini e’tirof etdi.
Ammo bu g‘oya mintaqadagi boshqa rahbarlarning rozilik bermagani sabab amalga oshmagan.
“Vazir janoblari diplom va malakalarni tan olish boʻyicha konvensiya tuzish gʻoyasini ilgari surgandi. Men mazkur gʻoyani darhol qoʻllab-quvvatladim. Zudlik bilan imzolab, bir hafta ichida barcha sharoitni yaratdik. Ammo afsuski, buni qoʻshni davlatlardagi boshqa hamkasblarimiz qoʻllab-quvvatlamadi. Bu yaxshi emas. Chunki boʻlingan holda yengilamiz. Imperiyalar hukmdorlari, masalan, Iskandar Zulqarnayn “boʻlib tashla va hukmronlik qil” degan ming yillik tamoyildan foydalangan. Bu barchamiz uchun ogohlantirish boʻlishi kerak. Oldinda bizni katta qiyinchilik va ulkan imkoniyatlar kutmoqda. Agar ahil boʻlib, birga ishlasak, qiyinchiliklarni chetlab oʻtishimiz yoki kamida ularning taʼsirini kamaytirishimiz mumkin. Hamjihatlikda ishlasak, paydo boʻlayotgan imkoniyatlardan koʻp foyda olamiz. Shunday ekan, keling birgalikda harakat qilaylik”, – degan Qozogʻiston fan va oliy taʼlim vaziri.
Manba: Daryo.uz
Ra’no Nusratilloyeva