Endi “El-yurt umidi” hisobidan stajirovka o‘tay olasiz

Hukumatning 743-sonli “Istiqbolli mutaxassislarning “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan maqsadli stajirovkasini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomi tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, maqsadli stajirovkaga yuborish bo‘yicha nomzodlarni saralab olish Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar har yili 10-noyabrgacha kadrlar tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojlar to‘g‘risida lavozim va yo‘nalishlar kesimida Agentlikka ma’lumotlar taqdim etadi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi Boshqaruv kengashi 15-yanvargacha stajirovka dasturining xorijiy mamlakatlar kesimidagi kvotalarini tasdiqlaydi.
Tashkilotlar tomonidan nomzodlar ro‘yxatini shakllantirishda uning stajirovka dasturiga mos mutaxassisligi bo‘yicha kamida 3 yillik ish tajribasi (shu jumladan, oxirgi 12 oy davomida ushbu sohada ishlagan bo‘lishi), davlat tilini bilishi, stajirovka o‘tash rejalashtirilgan xorijiy tashkilotning shartsiz taklifnomasi mavjudligi inobatga olinishi lozim.
Saralash tartibi test sinovlari va nomzodlar bilan suhbat asosida o‘tadi.
Testdan 71 foiz va undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar suhbat jarayoniga jalb etiladi.
G‘olib deb topilgan mutaxassislar bilan “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, buyurtmachi tashkilot va moliyaviy (qo‘shimcha) kafil o‘rtasida shartnoma tuziladi.