“Yuridicheskiy” uchun qanday yangiliklar bo‘ladi?

2025-yil 26-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–232-son Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra:
– yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
– Toshkent davlat yuridik universitetining 2030-yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds (QS) reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash belgilandi.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan Universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi. Bunda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda o‘tkaziladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab esa “Yurisprudensiya” yo‘nalishi mavjud boshqa davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Universitet tajribasi natijalaridan kelib chiqib, amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Farmonga ko‘ra, Universitetda ta’lim–tadqiqot–amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karyera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida sho‘balar tashkil etiladi.
Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.
Shu bilan birga, fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.
Ular 2 o‘quv yiliga saylanadi hamda bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas. Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani o‘rinbosarlari hisoblanadi. Sho‘balar professor-o‘qituvchilar tarkibidan iborat bo‘lib, ularning rahbarlari kafedra mudirlariga tenglashtiriladi.
Huquq fanidan davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan universitetga Universitet huzuridagi akademik litsey, yuridik texnikum bitiruvchilari hamda oliy ma’lumotga ega shaxslar uchun ular tanloviga ko‘ra kirish mumkin bo‘lgan bakalavr yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashning maxsus 3 yillik ta’lim dasturi joriy etiladi.
Qashqadaryo yuridik texnikumi negizida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey tashkil etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan:
– “Yurisprudensiya” hamda “Davlat va jamiyat boshqaruvi” ta’lim yo‘nalishida bakalavr darajasiga ega shaxslarga qayta tayyorlov kurslaridan o‘tmasdan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davlat va huquq asoslari fani bo‘yicha dars berishga ruxsat etiladi;
– huquq fanidan bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovi tashkil etilib, uning natijalari asosida davlat namunasidagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi.
– 2026-yil 1-martdan Universitetda “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishidan boshqa turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari uchun 2 yillik magistratura mutaxassisligi joriy qilinadi.