Ko‘pchilik unutayotgan “studentskiy” ATTO’ning foydalari

Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 oyida jamoat transportlarida 19 500 dan ortiq yo‘l haqini to‘lamaslik holati aniqlangan.
Shu sababli Toshkent shahri jamoat transportida nazorat kuchaytirildi va profilaktik reydlar o‘tkazilmoqda.
Bularning orasida siz ham, men ham bo‘lishimiz mumkin, do‘stim. Talabamiz: hammamizda har xil vaziyat bo‘ladi. Gohida avtobusga ham pul yetmay qolishi mumkin. 1 oylik jamoat transportingiz to‘lovi uchun eng yaxshi tanlov – bu “studentskiy” ATTO’lar.
Aytaylik, bir kunda o‘qishga borish-qaytishda ham metro, ham avtobusdan foydalanasiz.
Ya’ni 2 marta avtobusga, 2 marta metroga chiqasiz. Bunda karta orqali to‘lov jami (1700*4) 6 ming 800 so‘m bo‘ladi. Bu 5 o‘qish kunida 34 ming, bir oyda 136 mingga teng. Ushbu miqdor faqat oliygohgagina borib-qaytish narxi. Shanba va yakshanba kunlari aylangani chiqishingiz, bozorga tushishingiz, boshqa kundalik ishlar bilan jamoat transportidan foydalanish xarajatlaringiz hisoblanmagan.
Endi bu summa “sariq ATTO” bilan qanchaga tushishini ko‘rib chiqamiz.
Studentlik kartasi orqali 1 kun avtobus hamda metrodan cheksiz foydalanishingiz Sizga atigi 4 ming 250 so‘mga tushadi. 5 kunga 18 ming so‘m, bir oyga esa 110 ming 500 so‘m to‘laysiz. Narxlar katta farq qilmasligi mumkin, ammo bu narxga avtobus-metroda faqat kunda bir marta emas, balki cheksiz yurasiz.
Shuningdek, metrodan foydalanmaydiganlar uchun faqat avtobus tariflari ham mavjud. Batafsil narxlarni skrinshot qilib joylamoqchi edik, ammo negadir ilovada bu funksiya o‘chirib qo‘yilgan ekan. Bu yerda ochiqlanmaydigan qanaqa sir bor – tushunolmadik…
Avval avtobuslarda qovog‘i soliq konduktor amakining “sariq ATTO” orqali to‘lov qilgan talabaga qarata “Studentskiy qani?” – degan ovozi tez-tez quloqqa chalinardi.
Hozir konduktor amakilar ham yo‘q, “studentskiy” ATTO’lar ham kamdan kam ko‘zga tashlanmoqda. Buning sabablaridan biri ATTO sotadigan shaxobchalarning faoliyati to‘xtatilganidir deb o‘yladik. Ma’lumot o‘rnida, agar talaba bo‘lsangiz, hozir ham talabalik guvohnomasi hamda fuqarolik passporti yoki ID orqali bemalol hududingizdagi UzPost pochta manzillaridan biriga borib “studentskiy” ATTO olsangiz bo‘ladi.
Pochta manzillari bilan batafsil bu yerda tanishasiz.
Ra’no Nusratilloyeva