OTM’larda o‘qishni ko‘chirish jarayoni 10-yanvardan boshlanadi

Vazirlar Mahkamasining 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, bahorgi semestr uchun oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizalarni qabul qilish muddatiga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, ariza topshirish muddati har yili 10-yanvardan 20-yanvargacha (20-yanvar kuni ham) amalga oshiriladi.
Faqat 2 ta uzrli sababga ko‘ra respublikaning bir oliy ta’lim tashkilotidan ikkinchisiga o’qishni ko’chirish yoki o’qishni tiklash bo‘yicha arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining transfer.edu.uz yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali onlayn qabul qilinadi. Ya’ni:
1. Talaba oila qurgan taqdirda, turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lsa.
2. Davlat organlari xodimining ish joyi o‘zgarganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa (bunda tegishli vazirlik/idora rahbarining tavsiya xati talab etiladi).
Talab qilinadigan hujjatlar quyidagicha:
➖O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (blanka hududiy ishchi guruh tomonidan beriladi);
➖Reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma nusxasi;
➖Pasport nusxasi;
➖Uzrli sabablarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar.
O‘qishni ko‘chirish jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun mas’ul OTMda ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, barcha masalalar shu guruhlar orqali hal etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, bahorgi semestr oldidan bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga “o‘qishni ko‘chirib tiklash” bo‘yicha arizalar qabul qilinmaydi. Shuningdek, ariza topshirish jarayonida kiritilayotgan maʼlumotlar va yuklanadigan hujjatlarni yuborishdan oldin diqqat bilan tekshirib chiqish soʻraladi. Sababi ariza yuborilgandan soʻng uni tahrirlash imkoni mavjud emas.
Arizalar belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlari, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan 21-yanvardan 10-fevralgacha ko‘rib chiqiladi va natijasi yuzasidan talabgorlarga ma’lum qilinadi.