08:10, Dekabr 10, 2025
/
371

Bir talaba vafot etdi, ikkinchisining ahvoli barqaror – universitetda otishma sodir bo‘ldi

9-dekabr kuni taxminan soat 3:35 da Kentuki universiteti kampusining janubiy qismida, Whitney M. Young Jr. Hall nomli talabalar yotoqxonasida otishma sodir bo‘ldi.

BBC News xabariga ko‘ra, voqea natijasida ikki nafar talaba jarohatlangan bo‘lib, ulardan biri shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan, ikkinchisining ahvoli ayni damda barqaror.  

Frenkfort politsiya bo‘limining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi, universitet kampus politsiyasi xodimlari tomonidan tezkorlik bilan qo‘lga olingan. Surishtiruv natijasida uning oliygoh talabasi emasligi aniqlangan.

Hibsga olingan shaxs – Jakob Li Bard Indiana shtatining Evansvill shahridan ekani aytilmoqda.

Unga nisbatan qotillik va birinchi darajali bosqinchilik ayblovlari qo‘yilgan. Gubernator Endi Beshear va politsiya bu voqeani ommaviy otishma emas, balki yakkalangan hodisa deb ta’riflab, kampusda boshqa xavf yo‘qligini tasdiqlagan, Ammo otishmaning sababi va tafsilotlari hozircha jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

Voqea talabalar qishki ta’tilga chiqishdan oldingi yakuniy imtihonlar haftasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu sababli universitet hafta oxirigacha darslar, imtihonlar va boshqa faoliyatlarni bekor qilib, talabalarga uyga qaytishni taklif qilmoqda. Shuningdek, jabrlanganlarning oilalariga va barcha guvohlarga psixologik yordam xizmatlari ko‘rsatilishi aytilmoqda.

Afsuski, bu so‘nggi to‘rt oy ichida shu yotoqxona yaqinida sodir bo‘lgan ikkinchi otishma hodisasi bo‘lib, avvalgisi 17-avgust kuni sodir bo‘lgan va unda ham ikki kishi jarohat olgan edi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari