O‘zbekiston oliygohlari va Al-Azhar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Misrdagi islom olamining nufuzli markazi Al-Azhar va O‘zbekiston o‘rtasida yangi ilmiy loyihalar boshlanadi. Bu haqda Misrning diniy-ijtimoiy yo‘nalishdagi mashhur nashri — Al-Liwaa Al-Islami’da ma’lum qilindi.
Maqolada bildirilishicha, Qohirada Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad at-Tayyib Saida Mirziyoyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidlab, ilmiy va ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda qo‘shma ta’lim va ilm-fan sohasidagi loyihalar muhokama qilindi. Xususan:
– Ulamolar va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuv dasturlari;
– O‘zbek talabalarini Al-Azharda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash;
– Qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
– Konferensiyalar, master-klasslar va o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shayx Ahmad at-Tayyib O‘zbekiston bilan hamkorlik tarixan muhim ekanini qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish zarurligiga to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuvlar, talabalar va mutaxassislar uchun qo‘shimcha grantlar, ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida, Al-Azhar, ayniqsa, Islomiy ta’lim va Arab adabiyoti sohasida dunyoning eng nufuzli va qadimiy markazi hisoblanadi. U dunyoning umumiy reytinglarida Top 1000 ro‘yxatdan joy oladi. Bu juda katta sonli universitetlar (taxminan 20 000 dan ortiq) ichida eng yuqori 5% ga kirishni anglatadi. QS Arab Region Rankingsda esa Top 50 ga kiradi.