12:00, Dekabr 12, 2025
/
389

Jahon banki nega O‘zbekistonga 250 million dollar kredit ajratmoqda?

“Jahon banki O‘zbekiston uchun 250 million dollar (2 trillion 999 milliard 587 million 500 ming so‘m) miqdoridagi kreditni ma’qulladi”, – deb xabar bermoqda bank axborot xizmati. U talabalarni moliyalashtirish tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan EduImkon dasturiga yo‘naltiriladi. Dastur 3 yil ichida 600 ming yoshlar uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, kelgusi uch yil davomida ushbu dastur talabalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga va butun mamlakat bo‘ylab 600 ming yoshlar uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi. Dastur mablag‘larining qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalar va xotin-qizlarga kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

EduImkon dasturi 2026−2028 yillarda O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan talabalarni moliyalashtirish tizimidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish uchun amalga oshiriladi.

Kelgusi uch yil davomida dastur ko‘magida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

– Ta’lim kreditlari tizimida boshqaruv va operatsion jarayonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohada tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni takomillashtirish.

– Ta’lim kreditlari uchun arizalarni ko‘rib chiqishni soddalashtirish va tezlashtirish uchun yagona onlayn platformani ishga tushirish, shuningdek, talabalarni moliyalashtirish, kredit oluvchilarning holatini kuzatish hamda kreditlarni taqsimlash jarayonida qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan tahliliy ma’lumotlarni to‘plash jarayonlarida samaradorlik va shaffoflikni oshirish.

– Kam ta’minlangan oilalar va xotin-qizlar uchun ta’lim kreditlari berish mezonlarini soddalashtirish va ushbu guruhlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini o‘zgartirish orqali talabalarning oliy, texnik va kasb-hunar ta’limidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ko‘rish.

– Ta’limning mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiqligini oshirish va ta’lim kreditlari tizimining uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ta’minlash.

– Kam daromadli va o‘qishni tugatgandan so‘ng vaqtinchalik ishsizlikka duch kelgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qarz oluvchining daromadiga bog‘liq to‘lovlar bilan kreditlash tizimini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish.

2028-yil dekabriga qadar oliy o‘quv yurtlarining 600 mingga yaqin talabalari, shuningdek, texnik va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari talabalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashning modernizatsiya qilingan tizimi taqdim etadigan imkoniyatlaridan foydalanishlari kutilmoqda. Ularga ta’lim krediti Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlaydigan 12 ta tijorat banki tomonidan ajratiladi.

190 million dollardan ortiq mablag‘ yoki EduImkon dasturi mablag‘larining qariyb 80 foizi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlarga ta’lim kreditlari ajratish, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini, xususan, STEM mutaxassisliklarini tanlashni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, EduImkon dasturi qo‘shimcha 30 million dollar xususiy kapitalni jalb qilishga yordam beradi. Bu talabalarni kreditlash imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi va davlat budjetiga bosimni kamaytiradi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari