09:07, Dekabr 17, 2025
/
243

Kursga to‘lov qilishdan oldin tekshiring – Raqobat qo‘mitasi ba’zi nodavlat xizmatlar bo‘yicha axborot e’lon qildi

Iste’molchilarning eng ko‘p e’tirozlariga sabab bo‘layotgan nodavlat ta’lim xizmatlari ro‘yxati shakllantirildi.

Tahlillar natijasiga ko‘ra, 2024/2025-yillar davomida nodavlat ta’lim xizmatlari bo‘yicha 1 200 ga yaqin murojaat qabul qilingan.

Ularning asosiy qismi quyidagi xizmatlar bo‘yicha kelib tushgan:

➖“NEWTON ACADEMY”, “NewTone school”;
➖“MyTeacher” onlayn ingliz tili kursi;
➖“Prep . uz” onlayn rus tili kursi;
➖“Badavlat ayol” loyihasi;
➖“Qadam Education” o‘quv markazi;
➖“Lerna”, “Skillbox”, “Geekbrains”;
➖“Interno Edu” MCHJ;
➖“Englify” MCHJ;
➖“Niyat Education”;
➖“Sevenedu” onlayn til markazi

Murojaatlar tahliliga ko‘ra, qator nodavlat ta’lim xizmatlarida ta’lim sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va pulni qaytarish tartibi bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda.

Shuningdek, “Uzum Nasiya”, «Shaffof moliya”, “Paylater” va boshqa muddatli to‘lov platformalari orqali tuzilgan shartnomalarni bekor qilishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani, reklamada berilgan va’dalar amalda bajarilmayotgani haqida ham e’tirozlar bildirilgan.

Qo‘mita yuqoridagi kabi ta’lim markazlarini qonunchilikka, litsenziya talablariga, shu jumladan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishga chaqirgan holda, har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik nazarda tutilganligini eslatib o‘tmoqda.

Xabar oxirida iste’molchilarga quyidagi murojaat yozib qoldirilgan:

Hurmatli iste’molchilar!

Nodavlat ta’lim xizmatlaridan foydalanishda xizmat ko‘rsatuvchining faoliyati, litsenziyasi va ruxsatnomalarini oldindan tekshiring. Shartnoma shartlari, ayniqsa to‘lov va pulni qaytarish tartibini diqqat bilan o‘rganing. Shartnomani imzolash (onlayn tasdiqlashga)ga va to‘lovni amalga oshirishga aslo shoshilmang!

Ochiq manbalardagi foydalanuvchi fikrlari va tashkilotning ish tajribasiga e’tibor qarang. Imkoniyati bo‘lsa, sinov darslarida ishtirok eting va oflayn darslar o‘tkaziladigan joyni shaxsan ko‘rib chiqing. Internetda faol reklama qilayotgan, sinovdan o‘tmagan xizmat ko‘rsatuvchilarning va’dalariga ishonib qolmang.

Fikrlar (0)
Avval yangilari