09:28, Dekabr 18, 2025
/
342

Odam a’zolari sotiladi – Harvard universiteti mudirining dahshatli “biznes”i ochiqlandi

Harvard tibbiyot fakulteti morgining sobiq mudiri, o‘quv yurti uchun hadya qilingan murdalarning tana a’zolarini o‘g‘irlash va ularni xuddi “suyakdan yasalgan bezak buyumlaridek” sotishda ayblanib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ma’lumot o‘rnida, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga jasadlarni (kadavralarni) hadya qilish — bu bo‘lajak shifokorlarning inson anatomiyasini mukammal o‘rganishi uchun amalga oshiriladigan jarayondir. Odatda, bu jarayon shaxsning vasiyatiga ko‘ra yoki egasiz murdalar bilan amalga oshiriladi. Jasadlar o‘rganish jarayoni yakunlangach dafn qilinadi yoki kuydiriladi.

Prokurorlarning ma’lum qilishicha, 58 yoshli Sedrik Loj tomonidan tashkil etilgan ushbu qo‘rqinchli tarmoq orqali inson miyasi, terisi, qo‘llari va yuz qismlari Pensilvaniya hamda boshqa shtatlardagi xaridorlarga yuborilgan. Lojning rafiqasi Denis Loj ham ushbu jinoyatlarda turmush o‘rtog‘iga yordam bergani uchun bir yildan ko‘proq muddatga qamoq jazosini oldi. Seshanba kuni Pensilvaniyada federal sud qarshisiga chiqqan er-xotinning qilmishi tibbiyot olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Odam terisidan kitob muqovasi

Prokuror yordamchisi Alisan Martin tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlarda voqeaning dahshatli tafsilotlari ochiqlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sedrik Loj xaridorlardan biriga kitob muqovasini qoplash maqsadida ishlov berish uchun odam terisini yetkazib bergan. Yana bir holatda esa Lojlar oilasi erkak kishining yuzini sotgani aniqlangan.

Prokuror Martinning ta’kidlashicha, Loj 2018-yildan 2020-yilgacha davom etgan ushbu jarayonda “inson a’zolariga foyda keltiruvchi buyumlardek munosabatda bo‘lgan” va bu orqali minglab dollar pul ishlagan. Morgda 28 yil davomida mudirlik qilgan Loj sudda o‘z qilmishidan afsusda ekanini bildirdi.

Skandaldan so‘ng xayriya dasturi to‘xtatildi

Odatda, Harvard tibbiyot fakultetiga vasiyat qilingan murdalar tadqiqot yoki ta’lim jarayonlari tugagach, oilalariga qaytariladi yoki kuydiriladi (krematsiya). Loj jasadlar yoqilishidan avval ularning tana a’zolarini kesib olganini tan oldi. O‘tgan yili ayblovlar e’lon qilingach Harvard o‘zining kadavra (murdalarni hadya qilish) dasturini besh oyga to‘xtatib qo‘ygan edi.

Tergov doirasida, jumladan, Arkanzasdagi krematoriy xodimi ham bo‘lgan kamida yana olti kishi o‘z aybiga iqror bo‘lgan. Himoyachi advokat Patrik Keysi o‘z mijozining xatti-harakatlarini “falokat” deb atab, Loj vafot etgan shaxslarga va ularning yaqinlariga yetkazilgan ma’naviy zararni tushunib yetganini qayd etdi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari