CV yuboryapman, lekin ijobiy javob ololmayapman

“Avlod Media” Sizni CV to’ldirishda ish beruvchining hafsalasini pir qiladigan keng tarqalgan xatolar bilan tanishtiradi.
1-Xato: Almisoqdan qolgan format va dizayn
Ma’lum, tashqi unsurlar dastlabki e’tiborni tortadigan vositalardir. Zo‘r formatda yasalmagan, oʻqish qiyin boʻlgan CV’lar (masalan, notoʻgʻri shrift, notoʻgʻri ranglar, haddan tashqari uzun matn) HR mutaxassisining eng muhim dastlabki 7 soniyalik eʼtiborini yoʻqotadi. Allambalo shriftlardan ko‘ra, professional shriftlardan foydalaning. Masalan, Arial eng yaxshi tanlovlardan biri. Word, Power Point emas, Canvada yasang. Yasaganda ham e’tiborni tortadigan, biroq rasmiy va soddaroq shablon izlashga erinmang. Oltin qoida: ortiqcha probellardan ehtiyot bo‘ling.

2-Xato: Yegan-yemagan ma’lumotlarni bitta CV ga “tiqib qo‘yish”
Siz yuborayotgan har bir CV aynan oʻsha ish eʼlonining talablariga moslashtirilishi kerak. Keraksiz maʼlumotlar ishga tegishli muhim tajribaning e’tibordan chetda qolib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, jurnalist vakansiyasi uchun yuborayotgan CV’yingizga 5-sinfda matematika fanidan Respublika Olimpiadasi g‘olibi bo‘lganingizni yozish umuman kerak emas. Ish eʼlonidagi kalit soʻzlarni toping va CV’dagi koʻnikmalaringizni shularga moslang. Sifatni miqdordan ustun qoʻying.

3-Xato: Quruq gaplarni yozib qo‘ymang
Sizning CV’ngizda “Men buni qildim” emas, balki “Men bu natijaga erishdim” degan fikr ustun boʻlishi kerak. Ish beruvchiga sizning ularga qanday foyda keltirishingiz qiziq. Yaxshisi yutuqlaringizni raqamlar bilan ifodalang. Masalan, “Telegram kanalning obunachilari sonini 30% ga oshirdim” yoki “Natijaga kelishilgan muddatdan 2 hafta oldin erishdim” kabi.

4-Xato: Eng og‘riqli nuqta – imloviy xatolar va noprofessional e-mail
Siz e’tiborsiz bo‘larsiz,ammo imlo va grammatik xatolar ishga jiddiy yondashmasligingizni bildiradi. CV’ni kamida ikki marta tekshiring. Hozirgi kunda xatolarni tuzatib beruvchi botlar mavjud. Istasangiz, shulardan foydalaning. Yana bir eng asosiy jihat: “adasinierkasi1937478@mail.com” kabi emas, balki ism.familiya@… formatidagi e-mail manzilidan foydalaning. Bu sizni professionalroq ko‘rsatadi.
5-Xato: Ortiqcha shaxsiy ma’lumotlar
Ishoning, CV’da Ish beruvchiga sizning shaxsiy hayotingiz (tugʻilgan joyingiz, oilaviy ahvolingiz, millatingiz) umuman qiziq emas. Hatto bular diskriminatsiya uchun sabab boʻlishi mumkin. Bizdan tavsiya: faqat ishga aloqador va muloqot uchun zarur maʼlumotlarni (ism, telefon raqami, e-mail manzili, Telegram yoki Instagram profili, ixtiyoriy foto) qoldiring. Agar talab qilinmasa, CV’ga yoshingizni ham kiritmang!
