08:39, Dekabr 22, 2025
/
242

O‘zbekistonlik talaba Barak Obama stipendiyasi sohibi bo‘ldi!

Hozirda Chikago universitetida tahsil olayotgan o’zbekistonlik Risolat Maxsimova AQShning sobiq prezidenti Barak Obama asos solgan jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

Barak Obama stipendiyasi (yoki Obama Foundation Scholars) — bu dunyo bo‘ylab jamiyat rivoji uchun hissa qo‘shayotgan, ammo o‘z faoliyatini yangi bosqichga olib chiqmoqchi bo‘lgan yosh yetakchilar uchun mo‘ljallangan nufuzli dasturdir.

U oddiy talabalar uchun emas, balki jamiyatda o‘zgarishlar qilishga intilayotgan, davlat sektori, nodavlat tashkilotlar yoki ijtimoiy tadbirkorlik yo‘nalishida kamida 3-5 yillik yetakchilik tajribasiga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Nomzodlardan ingliz tilini mukammal darajada bilish (IELTS 7.0 yoki TOEFL 100+) hamda o‘qish yakunlangach, o‘z mamlakatiga qaytib, olingan bilimlarni jamiyat rivoji uchun qo‘llash majburiyati talab etiladi.

Hozirda dastur asosan ikkita universitet bazasida amalga oshiriladi

Columbia University (Nyu-York): 9 oylik rezidentlik dasturi. Bu asosan 9 oylik rezidentlik (o‘qishdan tashqari amaliy tajriba) dasturi bo‘lib, unga dunyoning turli chekkalaridan eng kuchli ijtimoiy faollar tanlanadi.

University of Chicago: Magistratura talabalari uchun mo‘ljallangan dastur. Bu yo‘nalishda asosan Chikago universitetining magistratura yo‘nalishlarida (biznes, davlat siyosati, ijtimoiy ish kabi) tahsil olayotgan talabalar orasidan liderlik salohiyatiga ega bo‘lganlar qabul qilinadi.

G‘oliblarning barcha xarajatlari to‘liq qoplab beriladi, jumladan, o‘quv to‘lovi (kontrakt), yashash joyi (kvartira), tibbiy sug‘urta va aviachiptalardan tashqari, kundalik ehtiyojlar uchun oylik stipendiya hamda AQSh bo‘ylab tashkil etiladigan o‘quv safarlari xarajatlari ham jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi.

Raqobat juda kuchli.

Masalan, ayrim yillari dunyo bo‘ylab 8 500 dan ortiq arizalar tushadi va ulardan faqat 30 ga yaqin kishi tanlab olinadi. Bu degani, har bir o‘rin uchun taxminan 280-300 kishi raqobatlashadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari