12:17, Yanvar 4, 2026
/
756

36 soat dars qoldirdim, endi o‘qishdan haydalamanmi?

Talabalik davrida turli sabablar bilan dars qoldirish holatlari uchrab turadi, ayniqsa, semestr oxirlab qolganida “limit” vahimasi ko‘pchilikning tushigacha kirib chiqishi aniq. Asosan, yangi talabalar qoidalardan bexabarligi sabab ma’lum soatdan oshganda o‘qishdan haydalishdan qo‘rqishadi. Xo‘sh, bugungi kunda 36 soat dars qoldirgan talaba chindan ham talabalar safidan chiqariladimi yoki bu shunchaki mish-mishmi?

Eng qisqa javob: 36 soat dars qoldirgan talaba to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishdan haydalmaydi.

Kredit-modul tizimida talabani kursdan qoldirish yoki chetlashtirish uchun uning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) o‘ta past bo‘lishi yoki shartnoma to‘lovini amalga oshirmasligi asos bo‘ladi. Davomat masalasida esa qoida quyidagicha: talaba aniq bir fanga ajratilgan soatning 25 foizidan ortig‘ini sababsiz qoldirsa, u faqatgina o‘sha fandan chetlashtiriladi va “yozgi semestr”ga qoladi. Agar sizning 36 soatlik “progul”ingiz turli fanlar o‘rtasida sochib yuborilgan bo‘lsa (masalan, har bir fandan 4-6 soatdan), sizga hech qanday xavf yo‘q. Ammo, agar bu soatlar bitta fanga to‘g‘ri kelsa, siz o‘sha fandan “yiqilgan” hisoblanasiz va uni qayta o‘qish (retake) uchun pul to‘lashingizga to‘g‘ri keladi.

Qayta o‘qish narxi qanday hisoblanadi?

Bu eng ko‘p beriladigan muhim savol. Qayta o‘qish bepul emas, uning narxi sizning yillik kontrakt summangiz va fanning krediti asosida shakllanadi.

Hisob-kitob formulasi juda oddiy:

  1. Bir yillik (stipendiyasiz) kontrakt summasini bir yillik umumiy kreditlar soniga (odatda 60 kredit) bo‘lasiz. Bu 1 kreditning narxini keltirib chiqaradi.
  2. Chiqqan summani siz yiqilgan fanning kredit miqdoriga ko‘paytirasiz.

Oddiy misol: Tasavvur qiling, sizning yillik kontraktingiz 7 000 000 so‘m.

Bir kredit narxi: 7 000 000 ÷ 60 ≈ 116 600 so‘m.

Agar siz 36 soat dars qoldirib, 4 kreditlik (masalan) “Falsafa” fanidan yiqilgan bo‘lsangiz, uni qayta o‘qish uchun: 116 600 * 4 = 466 400 so‘m to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Ko‘rib turganingizdek, 36 soat dars qoldirish talabalik guvohnomasidan ayrilishga olib kelmaydi, lekin oilaviy byudjetga zarar yetkazishi aniq. Agar talaba 3-4 ta fandan chegaradan o‘tib ketsa, to‘lov miqdori bir necha million so‘mga yetishi mumkin. Shuning uchun, bu tizimda “darsga kirmasang haydalasan” degan qo‘rquv o‘rnini “darsga kirmasang, pul to‘laysan” degan pragmatik qoida egallagan.

Shuningdek, agar qoldirilgan darslar kasallik yoki boshqa jiddiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lsa, vaziyatni o‘nglash imkoniyati mavjud. Buning uchun zudlik bilan dekanatga kasallik varaqasi yoki tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak. Uzrli sabablar inobatga olinsa, qoldirilgan soatlar “limit” hisobiga kirmaydi va siz akademik qarzdorlikdan qutulib qolasiz.

Sizga maslahat, eng avvalo, semestr boshida ustozingizdan nechta sababsiz “nb” “qizil” ga tushirishini so‘rab aniqlab oling.

Dars qoldirish uchun “limitlar” ni esa iloji boricha ta’tilga yaqin saqlab qo‘ying. Shunda ham yozda o‘qish azobidan qutulasiz, ham bayramda ertaroq uyga qaytish imkoningiz bo‘ladi. Ko‘pchilik oxirgi darslarga shoshayotgan bir vaqtda siz uyda dam olib ularning chat guruhdagi “kechikyapman, “nb” qo‘ymay tursin, aytinglar. Bo‘lmasa “qizil”ga tushaman” – degan gaplarini o‘qib o‘tirasiz.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari