19:27, Yanvar 10, 2026
/
663

Ustoz va talaba: munosabatlarni o‘zgartirib yuboruvchi Top 5 film

Ta’lim maskani — bu nafaqat darsliklar, balki shaxsiyatlar to‘qnashadigan va buyuk xarakterlar shakllanadigan maskandir. Ba’zan ustozning birgina so‘zi yoki talabaning isyoni butun hayot yo‘nalishini o’zgartirib yuborishi mumkin. “Avlod Media” jamoasi dam olish kunlaringizni yanada mazmunli qilish maqsadida professor va talaba o‘rtasidagi murakkab, ziddiyatli va ilhomlantiruvchi munosabatlarni eng zo‘r ochib bergan filmlarni tavsiya qiladi!

1. “O‘lik shoirlar jamiyati” (Dead Poets Society)

Film qat’iy tartib-intizomli kollejga kelgan yangi professorning talabalar dunyoqarashini butunlay o‘zgartirib yuborgani haqida. Film ta’lim faqat quruq qoidalardan iborat emasligini, balki har bir inson o‘z ovoziga ega bo‘lishi va hayotning har bir lahzasidan zavqlanishi lozimligini juda ta’sirli tarzda ko’rsatib beradi. Yana bir qiziq fakt: odatda, filmlar kitoblar asosida suratga olinsa, bu asarda teskarisi bo‘lgan. Avval Tom Shulman tomonidan film ssenariysi yozilgan, film muvaffaqiyat qozongach, yozuvchi Nensi Kleynbaum ushbu ssenariy asosida badiiy roman yozgan.

2. “Qat’iyat” (Whiplash)

Yosh musiqachi va uning haddan tashqari talabchan ustozi o‘rtasidagi shafqatsiz kurashni tasvirlaydi. Bu film muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi ruhiy bosim va ustozning qattiqqo‘lligi qayergacha borishi mumkinligini tushunish uchun kerak. U sizni mahorat cho‘qqisiga chiqishning og‘ir badali haqida o‘ylashga majbur qiladi.

Film haqida qiziq fakt: Aktyor Maylz Teller baraban chalish sahnasida shunchalik qattiq ishlaganki, uning qo‘llari haqiqatan ham qavarib, qonab ketgan. Filmda baraban tayoqchalari va asboblaridagi qon dog‘lari — bu grim emas, balki aktyorning haqiqiy qonidir.

3. “Mona Liza tabassumi” (Mona Lisa Smile)

1950-yillardagi an’anaviy qarashlarga ega qizlar kollejiga zamonaviy fikrlaydigan professor ayolning kelishi bilan bog‘liq voqealarni yoritadi. U ta’limning asl maqsadi jamiyat belgilagan qoliplarda yashash emas, balki erkin tanlov qilish va o‘z orzulari ortidan borish ekanligini go‘zal tarzda ochib beradi.

Ma’lumot o‘rnida, bosh rol ijrochisi Julia Roberts ushbu filmdagi ijrosi uchun 25 million dollar gonorar olgan. Bu o‘sha paytda bir aktrisa uchun to‘langan tarixdagi eng yuqori haq edi.

4. Uch savdoyi (3 Idiots)

Talabalar hayoti haqidagi eng zo‘r asarlardan biri. Nufuzli muhandislik kolleji talabalari va ularning “Virus” laqabli o‘ta qattiqqo‘l va konservativ rektori o‘rtasidagi ziddiyat yoritilgan. Rektor ta’limni “poyga” deb biladi, bosh qahramon esa ilm olish — bu erkinlik va ijodkorlik ekanligini isbotlashga urinadi. Film tizimga qarshi chiqish, haqiqiy bilim baholardan ustun ekanligi va ustozning qotib qolgan qarashlarini ham o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatadi.

Filmda qahramonlar mast bo‘lib, rektorning uyi oldida to‘polon qiladigan sahna bor. Qizig‘i, rejissorning talabi bilan Amir Xon va boshqa aktyorlar bu sahnada haqiqatan ham spirtli ichimlik ichib, mast holatda rol o‘ynashgan.

5. Patch Adams (Patch Adams)

Tibbiyot instituti talabalari uchun haqiqiy motivatsiya. Filmda yoshi katta bo‘lishiga qaramay tibbiyot institutiga o‘qishga kirgan Hunter “Patch” Adams va uning dekani o‘rtasidagi kurash aks etadi. Dekan shifokorlar bemorlar bilan hissiy aloqa qilmasligi kerak desa, Patch “kulgi — eng yaxshi dori” degan g‘oyani ilgari suradi. Talaba nafaqat fanni o‘zlashtirishi, balki o‘z sohasiga insoniylik va yangilik olib kirishi kerakligini, ba’zida eng katta darsni professorlar emas, balki talabaning o‘zi ustozlarga berishi mumkinligini anglatadi.

Film real voqealarga asoslangan. Hayotdagi asl Patch Adams filmdan norozi bo‘lgan. Uning aytishicha, film uni shunchaki “qiziqchi shifokor” qilib ko‘rsatgan, aslida esa u tibbiyot tizimidagi adolatsizlikka qarshi kurashgan faol inson. Eng achinarlisi, film kassadan millionlab daromad ko’rgan bo‘lsa-da, haqiqiy Patch Adamsning bepul shifoxonasiga bir tiyin ham ajratilmagan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari