Buxorodan xabarlar: 20 nafar abituriyent zaharlandi!

11-yanvar kuni Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida tahsil olayotgan abituriyentlardan 20 nafari salomatligi yomonlashgani yuzasidan Tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan.
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash birlashmasi bergan bayonotga ko‘ra, bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan.
Viloyat hokimining tezkor topshirig‘iga ko‘ra, ishchi guruh tuzilib, hodisa joyiga yetib borilgan va barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli standartlari asosida laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan.
“Ko‘rilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha 20 nafar bemorning ahvoli yaxshilandi va ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berildi. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirildi. Ayni paytda barchasining ahvoli qoniqarli, shikoyatlari mavjud emas”
Bemorlardan tegishli qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan. Ekspertiza natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.