09:48, Yanvar 12, 2026
/
2,4 тыс

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga o‘qishga kirish tartibi

Akademiyaning kunduzgi taʼlim bakalavriatiga 17 yoshdan kichik va 25 yoshdan katta boʻlmagan, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional maʼlumotga ega Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadi.

Abituriyentlar dastlabki tanlov, maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat bosqichlarida ishtirok etadi.

Tanlovning ushbu bosqichi hududlarda oʻtkazilib, hujjatlarni toʻplash, oʻrganish va nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlarini oʻzi ichiga oladi.

Mazkur bosqich:

IIV akademik litseylari bitiruvchilari va fuqarolar uchun – ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;

harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun – ularning doimiy yashash joyidagi va harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun – ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) boʻlib oʻtadi.

Dastlabki tanlov tadbirlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar maxsus kasbiy tanlovga qoʻyiladi. Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat akademiyada boʻlib oʻtadi.

Bunda umumiy yoʻnalishga hujjat topshirganlar quyidagi sinovlarni topshiradi:

yozma ish (bayon yoki insho);

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash. (sitata)

“Ekspert-kriminalistika faoliyati” yoʻnalishiga hujjat topshirganlar quyidagi sinovlarni topshiradi:

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

matematika fanini oʻzlashtirganlik darajasini baholash;

kimyo va fizika fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash. (sitata)

“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yoʻnalishiga hujjat topshirganlar quyidagi sinovlarni topshiradi:

matematika fanini oʻzlashtirganlik darajasini baholash;

informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovda toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 50 foizidan koʻp ball toʻplagan abituriyentlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyiladi.

Shu oʻrinda, sinovlarni oʻtkazish va baholash tartibi haqida ham kerakli maʼlumotlarni bilish foydadan xoli boʻlmaydi.

Yozma ish bayon yoki insho yozishdan iborat. Bayon uchun 80 daqiqa, insho uchun 120 daqiqa ajratilib, 30 ballik tizimda baholanadi.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash oʻgʻil bolalar uchun turnikda tortilish, 100 va 3000 metrga yugurish, qizlar uchun esa kuch ishlatish mashqlari kompleksi, 100 va 1000 metrga yugurishdan iborat boʻlib, 30 ballik tizimda baholanadi.

Chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasi test sinovlari yoki nazariy imtihon orqali baholanadi. Ingliz, nemis va fransuz tillarini biladigan abituriyentlar uchun test sinovlari, boshqa chet tilini biladiganlar uchun esa nazariy imtihonlar oʻtkazilib, 30 ballik tizimda baholanadi.

Matematika fanini oʻzlashtirganlik darajasi test sinovi orqali 30 ballik tizimda baholanadi.

Kimyo va fizika fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash biletdagi savollarga ogʻzaki javob berish orqali 30 ballik (har bir fanga 15 ball) tizimda baholanadi.

Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻzlashtirganlik darajasini baholash biletdagi savolga ogʻzaki javob berish va amaliy topshiriqlarni bajarish orqali 60 ballik (nazariy savolga – 20 ball; 1-amaliy topshiriqqa – 20 ball; 2-amaliy topshiriqqa – 20 ball) tizimda baholanadi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat biletdagi 3 ta savolga ogʻzaki javob berish orqali (huquqshunoslik faniga – 55 ball, Oʻzbekiston tarixi faniga – 30 ball, tarbiya faniga – 25 ball) baholanadi.

Shuningdek, ba’zi toifadagi abituriyentlar uchun imtiyozlar ham mavjud.

1. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat yoki xalqaro sertifikatning B2 darajasiga ega boʻlganlarga chet tili fanidan imtihonsiz belgilangan maksimal ball beriladi.

2. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan umumtaʼlim fanlari (matematika, fizika va kimyo)ni bilish darajasini aniqlash boʻyicha milliy sertifikatlar yoki xalqaro tan olingan sertifikatlarning tegishli darajalariga ega boʻlganlarga matematika, fizika yoki kimyo fanidan oʻtkaziladigan sinovlarda quyidagicha ball beriladi:

A+, A darajali milliy sertifikatga yoki A-LEVEL imtihonining B, A, A* darajali xalqaro sertifikatga ega boʻlganlarga – matematika, fizika yoki kimyo fanidan belgilangan maksimal ball;

B+, B, C+, C darajali milliy sertifikatga ega boʻlganlarga – mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida matematika, fizika yoki kimyo fanidan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball.

Bunda 2024-yil 1-martga qadar umumtaʼlim fanlari boʻyicha berilgan milliy sertifikatlar uchun mazkur sertifikat olingan paytda amalda boʻlgan imtiyoz tatbiq etiladi.

3. Professional darajadagi nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlgan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” taʼlim yoʻnalishiga hujjat topshirganlarga matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.

Shuningdek, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan 5 nafar abituriyent mazkur yoʻnalishning ikkinchi kursiga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi.

Izoh: “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirish uchun imtiyozlar beradigan professional darajadagi nufuzli xalqaro IT-sertifikatlar roʻyxati va darajalari ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.

4. “Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlganlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.

5. “Temurbeklar maktabi” akademik litseylari bitiruvchilariga yakka tartibdagi yakuniy suhbatda oʻzlari toʻplagan ballarning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi.

Eslatib oʻtamiz: oʻqishga kirmoqchi boʻlgan abituriyentlarning arizalari qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan qabul yilining 15-fevraliga qadar davom etadi.

Dastlabki tanlov tadbirlari qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan qabul yilining 1-aprelga qadar oʻtkazilsa, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat qabul yilining iyun–iyul oylarida boʻlib oʻtadi.

Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Hurmatli abituriyentlar! Imkoniyatingiz oʻz qoʻlingizda, maqsadni toʻgʻri oling va kelajagingiz sari dadil qadam tashlang.

Fikrlar (2)
Avval yangilari
    1. Shu raqamlarga bog’lanib axborot so’rab ko’ring, Toshkent shahar IIB Devonxona: +998 71 206 41 65; Murojaat uchun: +998 71 206 43 34; +998 71 206 44 18