08:38, Yanvar 13, 2026
/
207

Keling, talaba sifatida “dokument” qilib beramiz – OTM rahbarlarining firibgarligi fosh qilindi

“Ria Novosti” ning ma’lum qilishicha, Sankt-Peterburgdagi xususiy OTM oliy ta’lim muassasalaridan birining rektori va uning ikki sherigi 501 nafar migrantni noqonuniy tarzda legallashtirganlikda ayblanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi 2-qismi va 174.1-moddasi 4-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonlari yakunlanib, ish sudga oshirilgan.

Asosiy ayblanuvchi oliygohning 46 yoshli rektori Aleksandr Borzov ikki sherigi bilan 2024-yil noyabr oyida qo‘lga olingan. Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchilar Rossiyada qolish muddatini uzaytirmoqchi bo‘lgan xorijliklarni topib, talaba sifatida rasmiylashtirgan. Shu orqali ular darslarda qatnashmay turib ham o‘quv vizasi olgan. Bundan tashqari, ular mehnat muhojirlarini noqonuniy tarzda migratsion hisobga qo‘yish bilan ham shug‘ullangan.

2020-yil yanvaridan 2024-yil noyabrigacha bo‘lgan davrda ushbu sxema orqali jami 501 nafar mehnat muhojirining huquqiy maqomi legallashtirilgan. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, ushbu noqonuniy faoliyat ayblanuvchilarga 40 million rubldan ortiq (olti milliard ikki yuz million so‘mdan ko‘proq) daromad keltirgan. Bu mablag‘lar soxta bitimlar orqali “yuvilgan”. Tegishli organlar barcha soxta o‘quv vizalarini bekor qilib, muhojirlarni nazorat qilinadigan shaxslar reyestriga kiritgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari