O‘zbek tiliga ixtisoslashtirilgan litsey tugatilib fransuz universiteti ochiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 26- noyabr 2025-yildagi 354-son qaroriga asosan, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi akademik litseyi faoliyati 2027-yilgacha tugatiladi va uning o‘rnida O‘zbek-fransuz universiteti tashkil etiladi. Gazeta.uz o‘tkazgan surishtiruvlarga ko‘ra, bu o‘qituvchilar va ota-onalar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qarorning asosiy maqsadi — oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Fransiyaning yetakchi universitetlari dasturlari asosida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashdan iborat. Unga ilova qilingan “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti akademik litseyi faoliyati bosqichma-bosqich tugatiladi. Bu jarayon 2027-yil may oyiga qadar amalga oshirilishi belgilangan.
Vazirlik vakilining ta’kidlashicha, ayni paytda ushbu litseyda “Xorijiy tillar” va “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent shahridagi 23 ta akademik litseyda ham ushbu yo‘nalishlarga o‘xshash ta’lim dasturlari mavjud bo‘lib, o‘quvchilarni qabul qilish va sifatli ta’lim berish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Shuningdek, litsey faoliyati tugatilishi munosabati bilan u yerda ishlab kelayotgan rahbarlar, o‘qituvchilar va boshqa xodimlarning mehnat huquqlari amaldagi qonunchilik asosida to‘liq ta’minlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar saqlanishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, axborotda mazkur qaror biror ta’lim yo‘nalishi yoki o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning pasayishi bilan bog‘liq emasligi, uning ta’limdagi o‘rniga nisbatan salbiy munosabatni anglatmasligi alohida ta’kidlangan.
Litsey o‘qituvchilari bu qarorni “inson omili hisobga olinmagan holat” deb baholamoqda.
Bundan tashqari, litsey o‘quvchilari umumta’lim fanlari va chet tillari bo‘yicha milliy hamda xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lib, ona tili, tarix, ingliz tili va boshqa fanlardan bilim darajasini amalda namoyon etib kelmoqda. Litsey jamoasi aynan shu natijalar ta’lim sifati, pedagoglar salohiyati va tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganining yaqqol isboti ekanini ta’kidlaydi.