08:00, Yanvar 19, 2026
/
204

AQSh migratsiya siyosati iqtidorli talabalar oqimiga ta’sir ko‘rsatmoqda

AQShda xorijiy talabalar soni so‘nggi uch yil ichida ilk bor kamaygan, jumladan ularning magistratura dasturlarida pasayishi aniqlangan. Bu haqida ‘‘The Independent’’ nashri ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025–2026 o‘quv yilining kuzgi semestrida AQSh universitetlarida xorijiy talabalar qabul ko‘rsatkichi 1,4 foizga kamaygan. Bu davrda mamlakat bo‘ylab xalqaro talabalar soni taxminan 5 ming nafarga qisqargan. Ayrim universitetlar buni viza bilan bog‘liq muammolar va xalqaro talabalar orasida AQShda ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishning pasayishi bilan izohlamoqda.

Eng sezilarli pasayish magistratura dasturlarida kuzatilgan.

Mazkur bosqichda tahsil olayotgan xorijiy talabalar soni 6 foizga, ya’ni qariyb 10 ming nafarga kamaygan. 2020/2024-yillar oralig‘ida esa magistratura dasturlarida xalqaro talabalar soni keskin oshgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, AQSh universitetlari xalqaro talabalar, odatda, yuqori kontrakt to‘lovlarini amalga oshirishi tufayli so‘nggi yillarda ularni jalb qilishga katta e’tibor qaratib kelgan. Xalqaro Ta’lim Instituti ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy talabalarning yarmidan ko‘pi o‘qish xarajatlarini ota-onalari yoki davlat grantlari hisobidan qoplaydi.

Tahlillarga ko‘ra, AQShda viza va immigratsiya siyosatining qat’iylashuvi, shuningdek, ayrim universitetlarga nisbatan moliyaviy cheklovlar joriy etilishi xorijiy talabalar oqimiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Xususan, 2025-yilda bir qator yirik universitetlarga federal moliyalashtirish vaqtincha qisqartirilgan yoki muzlatilgan. Shuningdek, xavfsizlik talablari doirasida minglab xorijiy talabalar vizalari bekor qilingan. Bu holat ham qabul ko‘rsatkichlariga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida baholanmoqda.

Bakalavriat bosqichida ham o‘sish sur’ati avvalgi yillarga nisbatan sekinlashgan. Joriy o‘quv yilida bakalavriat talabalari soni 3,2 foizga ko‘paygan, bu o‘tgan yilgi 8,4 foizlik o‘sishdan past. Shunga qaramay ayrim universitetlarda esa xorijiy talabalar ulushi barqaror qolgan. Masalan, Harvard universitetida 2025-yil kuzida xalqaro talabalar ulushi 28 foizga yetib, so‘nggi yigirma yildagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari