15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra kecha, 20-yanvar kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev oliygohda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sohasida erishilgan natijalar hamda 2026-yilga moʻljallangan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda soʻnggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga koʻra, 2024-2025-yillarda mamlakatimizdagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga yetdi. Mahalliy startaplarning soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda, venchur kapital hajmi esa 180 million dollardan oshdi.
Taqdimotda sunʼiy intellekt texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlarining borishi haqida axborot berildi.
Xususan, hozirgi kunda zamonaviy kichik super kompyuter ishga tushirildi, katta super kompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari faol bosqichda. Loyihani amalga oshirish natijasida 15 ta oliy taʼlim muassasasida sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi, sohadagi mutaxassislarning salohiyati oshadi, mahalliy SI yechimlarini yaratish va joriy etish imkoniyatlari yaratiladi.
Mamlakatimiz hududlarida zamonaviy data-markazlar tarmogʻini kengaytirish, maʼlumotlar xavfsizligi va uzluksizligini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Bu borada barqaror oʻsish surʼatlariga erishilayotgani, internet tezligi va qamrovi yildan yilga oshib, mobil aloqa xizmatlarining sifati yaxshilangani taʼkidlandi. 2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish va aholi punktlarini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishni davom ettirish, shuningdek, sunʼiy yoʻldosh aloqasidan foydalanishni kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz raqamli texnologiyalar iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va aholi hayoti sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatishini taʼkidlab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.