14:17, Yanvar 21, 2026
/
335

Endi O‘zbekistondagi oliygoh diplomlari Yevropada ham tan olinadi

2026-yil 16-yanvar kuni O‘zbekistondagi Milliy pedagogika universitetining kimyo va biologiya bakalavriat yo‘nalishlari hamda ushbu fanlar bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro agentligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Bu haqida O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Mazkur yo‘nalishlar pedagogik oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor ASIIN akkreditatsiyasini qo‘lga kiritgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu esa universitetning ta’lim standartlari, o‘quv jarayoni, metodik ta’minoti, professor-o‘qituvchilar salohiyati va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlari xalqaro mezonlarga to‘liq mos kelishini tasdiqlaydi

2030-yil 30-sentyabrgacha amal qiladigan akkreditatsiya sertifikatlari ushbu yo‘nalishlar bitiruvchilarining diplomlari Yevropa va boshqa rivojlangan mamlakatlarda tan olinishini anglatadi. Bu kimyo va biologiya yo‘nalishida tahsil olgan kadrlarning xorijiy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar hamda sanoat korxonalarida faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Qayd etish kerakki, ASIIN ekspertlari tomonidan berilgan metodik tavsiyalar va baholash mezonlari o‘quv jarayonini yanada modernizatsiya qilishga xizmat qiladi. Yevropa va boshqa mintaqalardagi universitetlar bilan qo‘shma dasturlar, ilmiy loyihalar amalga oshirilishi uchun mustahkam asos yaratadi.

Ushbu yutuq aynan pedagogik oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha respublikada ilk marotaba qayd etilgani bilan alohida ahamiyatga ega. Bu O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashayotganining yorqin dalilidir.

Endilikda yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bitiruvchilari xorijiy universitetlarda magistratura yoki doktoranturani davom ettirish, xalqaro ta’lim muassasalarida o‘qituvchi yoki ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borish, biologiya va kimyo sanoati yo‘nalishlarida jahon mehnat bozoriga chiqish, xalqaro grant loyihalarida ishtirok etishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari