Tibbiyot oliygohlari davlat franshizasi asosida ishlashga majbur qilinadi

Qirg‘izistonda ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohalarida yangi qoidalar joriy etilmoqda. Prezident Sadir Japarov tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi ilmiy faoliyatga qo‘yiladigan talablarni sezilarli darajada kuchaytiruvchi “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Hujjat tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta, oliy, oliy o‘quv yurtidan keyingi va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi barcha ta’lim tashkilotlari uchun majburiy davlat akkreditatsiyasini belgilaydi. Akkreditatsiyadan o‘tmagan muassasalar talabalarni qabul qilish va davlat namunasidagi diplomlarni berish huquqidan mahrum etiladi. Tibbiy va farmatsevtik ta’lim faoliyatini litsenziyalash endilikda to‘liq sog‘liqni saqlash sohasidagi vakolatli organga o‘tkazildi.
Qonun ta’lim franshizasi tushunchasini joriy qiladi. Normaga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy tibbiy ta’lim muassasalari tizimni shakllantiruvchi davlat ta’lim tashkiloti bilan shartnoma tuzishga majbur. Bunday format davlat ta’lim dasturlari, o‘quv-uslubiy materiallardan foydalanishni va tayanch tuzilma (davlat oliygohi) tomonidan akademik boshqaruvni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Alohida o‘zgartirishlar ilmiy sohaga ham tegishli:
➖Tibbiyot yo‘nalishida ishlaydigan ilmiy tashkilotlar faqat davlat akkreditatsiyasidan o‘tgandan keyingina faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
➖Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarini tayyorlash sifati ustidan davlat nazorati ham kuchaytiriladi: monitoring, nazorat va baholashni sog‘liqni saqlash sohasidagi profil idora amalga oshiradi.
Qonun, shuningdek, internatura va ordinatura ishlash tartibini, xususiy tibbiyot tashkilotlarining moddiy-texnik bazasiga qo‘yiladigan talablarni va kadrlar tayyorlashni tartibga solishda davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiradi.
Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda o‘zining normativ-huquqiy hujjatlarini yangi normalarga muvofiqlashtirishi shart.