09:55, Yanvar 28, 2026
/
342

ISIC kartasi haqida bilasizmi: nega talabalar uchun foydali dastur o‘zbeklar orasida ommalashmayapti?

ISIC kartasi — bu shunchaki hamyoningizda turadigan plastik bo‘lagi emas, balki dunyoning 130 dan ortiq davlatida sizning talaba ekanligingizni tasdiqlovchi yagona xalqaro “passport”. Agar siz chet elga sayohat qilishni, xalqaro platformalarda arzonroq obuna bo‘lishni yoki shunchaki global talabalar hamjamiyatining bir qismi bo‘lishni xohlasangiz, bu karta siz uchun eng birinchi raqamli instrumentga aylanishi kerak edi. Biroq, O‘zbekiston sharoitida bu tizimning ishlashi biroz o‘ziga xos va kutilmagan “sarguzashtlarga” boy.

Dastlab, ISIC nima berishi haqida gaplashsak.

Avvalo, u sizga dunyo bo‘ylab 150 000 dan ortiq chegirmalarni va’da qiladi. Bunga Apple, Adobe, Spotify kabi gigantlarning talabalar uchun maxsus tariflari, Booking.com orqali mehmonxonalarni bron qilish, hatto Emirates yoki Turkish Airlines aviachiptalaridagi sezilarli chegirmalar kiradi. O‘zbekistonning o‘zida ham British Council kurslari, TOEFL iBT testlari yoki ayrim kofeshop va kovorking markazlarida 5% dan 20% gacha foyda ko‘rish mumkin.

O‘zbekistondagi vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘pchilik talabalar isic.uz saytiga kirishga urinishadi va ko‘pincha xatolikka yoki ishlamayotgan sahifaga duch kelishadi. Hozirda rasmiyroq ko‘ringan myisic.uz domeni mavjud bo‘lsa-da, uning ham texnik holati va to‘lov tizimlari bilan integratsiyasi tez-tez pand berib turadi. Office masalasi esa yanada qiziq: rasmiy manzillar Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Zafar Diyor ko‘chasi, 119-uy deb ko‘rsatiladi. Ochig‘i, bu yerga borib ko‘rmadik, ammo bog‘lanish uchun berilgan telefon raqamining “o‘chirilgan yoki xizmat doirasidan tashqarida” ekanligi ko‘ngilni ancha-muncha xira qildi.

Aslida, O‘zbekistonda bu haqida ko‘pchilik talabalar xabardor emas. buning birlamchi sababi – tashkilotning O‘zbekistondagi ofisida PR strategiyalar, targ‘ibot tadbirlari yetarlicha amalga oshirilmaydi. Isbot tariqasida, eng avvalo, tashkilotning rasmiy telegram sahifasi yo‘qligini aytishimiz mumkin (to‘g‘rirog‘i, username guruh uchun olingan, ammo uni rasmiy deb bo‘lmaydi). Instagram sahifasi esa 2023-yil avgustda ochilgan bo‘lsa ham atigi 380 nafar obunachi yig‘gan va sahifaga 47 ta post joylashtirilgan.

Agar maboooodo siz karta haqida bilsangiz, uni olish harakatida bo‘lsangiz-u, O‘zbekiston sayti ishlamayotganidan charchagan bo‘lsangiz, eng aqlli yo‘l — to‘g‘ridan to‘g‘ri global sayt (isic.org) orqali harakat qilishdir. Ha, u yerda to‘lovni xalqaro karta (Visa/Mastercard) orqali qilish kerak bo‘ladi, lekin natija kafolatlangan. Hozirda plastik kartadan ko‘ra ko‘proq uning raqamli (digital) varianti ommalashgan. ISIC ilovasini yuklab olib, o‘sha yerda verifikatsiyadan o‘tsangiz, telefoningizdagi virtual karta plastikdan ko‘ra ishonchliroq ishlaydi va yo‘qolib qolish xavfi ham bo‘lmaydi.

Shuni yodda tutish kerakki, ISIC kartasini olish uchun siz haqiqatan ham talaba bo‘lishingiz shart.

Buning uchun talabalik guvohnomasi yoki o‘qish joyidan ma’lumotnoma talab qilinadi. Karta narxi O‘zbekiston uchun taxminan 200 000 so‘m atrofida belgilangan bo‘lib, u bir kalendar yil davomida amal qiladi. Agar siz faqat O‘zbekiston ichida yurmoqchi bo‘lsangiz, bu xarajat o‘zini oqlamasligi mumkin, chunki bizdagi chegirmalar tarmog‘i hali juda tor. Ammo agar rejangizda xalqaro imtihon topshirish yoki chet elga chiqish bo‘lsa, bu karta o‘z narxini birgina aviachiptaning o‘zidayoq chiqarib beradi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, ISIC — bu talabalar uchun ajoyib imkoniyat, lekin uni qo‘lga kiritishda O‘zbekistondagi “texnik nosozliklar” va “jimjit ofislar”ga tayyor turish kerak. Mahalliy saytlar ishlamasa, asabni buzmasdan global platformaga o‘tish va virtual kartadan foydalanish eng to‘g‘ri yechimdir.

Fikrlar (0)
Avval yangilari