Toshkentda yangi universitetning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi “Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqaro standartlar asosida yangi avlod texnik oliy ta’lim muassasasi – “ToshTech” texnika universiteti (Tashkent University of Technology) tashkil etildi. Universitet Markaziy Osiyoda muhandis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yetakchi akademik va texnologik markazga aylanishi ko‘zda tutilgan.
“ToshTech” O‘zbekiston oliy ta’lim tizimidagi flagman milliy loyiha hisoblanib, akademik mukammallik, amaliy tadqiqotlar va sanoat bilan tizimli integratsiyaga asoslangan muhandislik universitetining yangi modelini shakllantirmoqda. Universitet STEM yo‘nalishlari, texnologik tadbirkorlik, bilim va texnologiyalar transferi uchun institutsional platforma sifatida faoliyat yuritadi.
Universitetda ta’lim jarayoni bakalavriat va magistratura bosqichlarida muhandislik hamda texnologik yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zbek, rus va ingliz tillarida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Dastlabki to‘rt yilda elektr muhandisligi, sanoat mashinasozligi va avtomobilsozlik muhandisligi, materialshunoslik va muhandislik fanlari, ilg‘or muhandislik va yangi texnologiyalar, shuningdek, muhandislik boshqaruvi yo‘nalishlari bo‘yicha beshta maktab (fakultet) faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan. Shuningdek, universitet Singapur, Buyuk Britaniya va AQSHning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlarini joriy etishni rejalashtirgan.
Universitet faoliyatini 2026-yil sentyabr oyida to‘liq boshlashi uchun zarur infratuzilma shakllantirilgan. Jumladan, 2025-yil dekabr oyida kampusning birinchi bosqichi qurib bitkazildi.
Tayyorlov dasturiga dastlabki qabul jarayonida 650 nafardan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lib, ulardan 200 nafar tinglovchi saralab olindi. Dastlabki dars va ochiq ma’ruza 2025-yil 20-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan.
“ToshTech” texnika universitetining tashkil etilishi O‘zbekistonda muhandislik ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Universitet faoliyati natijasida iqtisodiyotning strategik tarmoqlari uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga mustahkam zamin yaratiladi.