08:58, Fevral 3, 2026
/
1,1 тыс

Ijtimoiy reyestr: kirish tartibi qanday va bunday oilalar talabalariga qanaqa imtiyozlar bor?

Hukumatning 2026-yil 29-yanvardagi 35-son qarori bilan “Ijtimoiy reyestrni yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va Reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, ariza beruvchi oilasini Reyestrga kiritish uchun davlat xizmatlari markazi yoki vakolatli organga borgan holda yoki ijtimoiy xodim orqali murojaat qiladi. Shuningdek, “YAMIH” AT, YAIDXP (my.gov.uz) yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali mustaqil ravishda ariza berish ham mumkin.

Har bir oila tomonidan ariza topshirish 1 oyda 1 marta amalga oshiriladi.

Dastlab oilaning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlabki baholashdan o‘tkaziladi. Baholash natijasi bo‘yicha ariza beruvchining oilasini “davlat ta’minotidagi oila” va “kambag‘al oila” deb topishni rad etish uchun asoslar aniqlanmadi. Bu holda ariza ijtimoiy xodimning shaxsiy kabinetiga savolnoma to‘ldirish uchun yuboriladi.

Ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangan savolnoma axborot modulida avtomatik ravishda “mahalla yettiligi”ga yo‘naltiriladi. Xulosa “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlangandan so‘ng “YAMIH” AT 3 ish kuni ichida oilani ijtimoiy-iqtisodiy holatini yakuniy baholashdan o‘tkazadi.

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan 1 oylik jami o‘rtacha daromad oxirgi 3 oy uchun hisoblab chiqilgan barcha oila a’zolarining daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a’zolari soniga va 3 ga bo‘lish orqali aniqlanadi. Reyestrga oilalar “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratilgan holda kiritiladi.

Oilalar, ular Reyestrga kiritilgan kundan boshlab, quyidagi muddatlarda oila a’zolari ishtirokida savolnoma qayta to‘ldiriladi:

“davlat ta’minotidagi oila” – har 12 oyda;

“kambag‘al oila” – har 6 oyda.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari (talabalar) uchun davlat tomonidan bir qator jiddiy imtiyozlar va moliyaviy yengilliklar joriy etilgan. Bu imtiyozlar ham o‘g‘il bolalar, ham qizlar uchun (ayrim farqlar bilan) amal qiladi.

Quyida ularning to‘liq ro‘yxatini keltiramiz:

1. Kontrakt to‘lovini qoplab berish

Agar talaba (yoki uning oilasi) “Ijtimoiy reyestr”da bo‘lsa va u “Yoshlar daftari”ga kiritilsa, kontrakt to‘lovining bir qismi to‘lab beriladi.

Miqdori: To‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha bo‘lgan qismi (lekin BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda).

Bu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qoplab beriladi. Udan foydalanish uchun tuman/shahar Yoshlar ishlari bo‘limiga yoki mahalladagi yoshlar yetakchisiga murojaat qilish kerak.

2. Xotin-qizlar uchun alohida imtiyozlar

Agar “Ijtimoiy reyestr”dagi oilaning farzandi qiz bola bo‘lsa, imkoniyatlar yanada kengroq:

O‘qishga kirishda qo‘shimcha grant (4% li kvota): Abituriyentlik vaqtida, agar qiz bola kam ta’minlangan oiladan bo‘lsa, u umumiy tanlovdan tashqari, maxsus 4 foizlik davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin (buning uchun mahalladan tavsiyanoma olish kerak).

7 yillik foizsiz ta’lim krediti: Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

3. Bir martalik moddiy yordam

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oila farzandi o‘z oliygohidan yoki mahalliy hokimlikdan moddiy yordam olishi mumkin.

OTM hisobidan: Talaba rektor nomiga ariza yozib, oilaviy sharoitini tushuntirsa, OTM kasaba uyushmasi yoki maxsus fonddan yilda bir marta moddiy yordam (odatda BHMning 1-4 baravari miqdorida) ajratiladi.

“Yoshlar daftari”dan: Yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha bo‘lgan miqdorda naqd pul ko‘rinishidagi moddiy yordam berilishi mumkin.

4. Yotoqxona (TTJ) bilan ta’minlashda ustunlik

OTMlarda yotoqxona o‘rinlari cheklangan bo‘lsa, joylar birinchi navbatda imtiyozli toifadagi talabalarga beriladi.

“Ijtimoiy reyestr”ga kirgan talabalar birinchi navbatda (navbatsiz yoki ustuvor ravishda) yotoqxonaga joylashtiriladi.

Ijara kompensatsiyasi: Ma’lum, bir muddat oldin, ya’ni hukumatning 28-yanvardagi qarori bilan ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi. “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. To‘lovlar talaba grant yoki kontrakt asosida o‘qishidan qat’i nazar amalga oshiriladi.

5. O‘qishni ko‘chirish (Perevod)

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha Davlat komissiyasi qarorlariga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar (masalan, boquvchisini yo‘qotgan yoki kam ta’minlangan) o‘z yashash hududiga yaqin OTMga o‘qishni ko‘chirishda uzrli sabablarga ega deb hisoblanishi va osonlashtirilgan tartibda ruxsat berilishi mumkin (lekin bu har yili komissiya qaroriga bog‘liq).

Fikrlar (0)
Avval yangilari