Oliy ta’limga kirish istagi bo‘lmagan yoshlar kasbga yo‘naltiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risidagi Farmon loyihasi joylashtirildi. Loyihada oliy ta’limga kirish istagi bo‘lmagan yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilangan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limga kirish istagida bo‘lmagan yoshlarni texnikumlarga yo‘naltirish tizimi kengaytiriladi.
Farmon loyihasiga muvofiq, 11-sinf bitiruvchilari orasida oliy ta’limga kirish istagi past bo‘lgan o‘quvchilar aniqlanadi. Bu orqali yoshlarning qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Maktablar hamda mahalla yoshlari yetakchilari hamkorligida o‘quvchilarni texnikumlarda o‘qitiladigan kasb va mutaxassisliklar bilan tanishtirish maqsadida “Kasb tanlash haftaligi” tashkil etiladi. Ushbu tadbirlar davomida o‘quvchilarga turli kasblarning afzalliklari, imkoniyatlari va mehnat bozoridagi talabi haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Texnikumlarda o‘qish istagida bo‘lgan yoshlarni qabul qilish jarayonlari yo‘lga qo‘yilib, kasb egallash imkoniyatlari kengaytiriladi. Rejaga ko‘ra, oliy ta’limga kirish istagida bo‘lmagan 200 mingga yaqin o‘quvchini kasb-hunarga o‘qitish belgilangan.
Joriy yilda kasblarni mustaqil egallash va sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Kasbiy rivojlanish platformasi” ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali aholiga 100 dan ortiq kasb bo‘yicha mustaqil bilim olish imkoniyati yaratiladi.
Platforma o‘quv materiallari, videodarslar hamda simulyatsion mashqlarni o‘z ichiga oladi. Bu esa foydalanuvchilarga kasb sirlarini amaliy tarzda o‘rganishga yordam beradi.
Kasblarni mustaqil o‘rganishni yakunlagan fuqarolarga sertifikat berish tizimi joriy etiladi. Mazkur sertifikatlar yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.