Ilm hamda mehnat mevasi: o‘zbekistonlik qiz endi Ilon Mask tahsil olgan oliygohda o‘qiydi

Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi o‘quvchisi, “Litsey iftixori” sovrindori Munira Olloyorova AQShning nufuzli Ivy League universitetlaridan biri — University of Pennsylvanianing College of Arts and Sciences (UPenn Class of 2030)ga o‘qishga qabul qilindi.
Quvonarlisi, Munira to‘liq grant asosida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritgan. Unga ajratilgan stipendiya 348 ming AQSh dollar (4 milliard 259 million so‘mdan oshiqroq) ni tashkil etadi va to‘rt yillik ta’lim xarajatlarini to‘liq qoplaydi.
Ma’lumot o‘rnida, University of Pennsylvania (UPenn) — bu shunchaki oliygoh emas, u dunyo ta’limining “oltin standarti” hisoblangan Ivy League sakkizta a’zosidan biri hisoblanadi. Unga 1740-yilda Benjamin Franklin asos solgan hamda muntazam ravishda dunyoning eng kuchli TOP-15 universiteti qatoriga kiradi. UPenn’ga kirish darajasi, odatda, 4-6% atrofida. Ya’ni, har 100 nafar eng iqtidorli nomzoddan faqat 5 nafari qabul qilinadi.
College of Arts and Sciences esa UPenn’ning “yuragi” va eng qadimiy maktabi (fakulteti) hisoblanadi. Unda 50 dan ortiq ixtisosliklar mavjud. CAS talabalari UPenn’ning boshqa nufuzli maktablaridan, masalan, dunyodagi №1 biznes maktabi — Wharton School dan ham dars olish imkoniga ega. Bu kollej bitiruvchilari Google, Goldman Sachs, BMT kabi dunyoning eng nufuzli tashkilotlariga ishga kirishda ustunlikka ega bo‘ladilar.
UPenn dunyodagi eng ko‘p milliarder bitiruvchilarga ega universitetlardan biri. Masalan, Ilon Mask (aynan hamyurtimiz qabul qilingan kollejda) va Donald Tramp shu yerda o‘qigan. UPenn’ning College of Arts and Sciences qismiga kirish — bu butun dunyo bo‘ylab “elita” qatoriga qo‘shilish deganidir. Bu yerning diplomi bitiruvchining nafaqat aqlli, balki o‘z tengdoshlari ichida eng irodali va iqtidorli ekanini isbotlaydi.