09:12, Fevral 27, 2026
/
689

“Yoshlar daftari”ga hamma ham kirolmaydi

“Yoshlar daftari”ga kiritiladigan yoshlar toifalari belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritiladigan yoshlar toifalari belgilandi.

Endilikda “Yoshlar daftari”ga Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’zolari, oilasining oylik daromadi oila a’zolarining har biriga minimal iste’mol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan yoshlar kiritiladi.

Ariza beruvchi “Yoshlar daftari”ga kirish va ijtimoiy yordamlardan birini ko‘rsatishni so‘rab davlat xizmatlari markazi, YAIDXP (my.gov.uz) yoxud Yoshlar yagona elektron platformasi orqali murojaat qiladi.

“Yoshlar daftari” jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan yordamlar individual rejaga muvofiq ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etiladi.

Uning shartlari bajarilishi Yoshlar yagona elektron platformasi orqali avtomatik tarzda monitoring qilinadi. Bu jarayonda ijtimoiy shartnomada belgilangan har bir shartning bajarilishi har oyda 100 balli tizimda baholanadi. Barcha shartlar bo‘yicha yig‘ilgan ballarning umumiy yig‘indisini shartlarning soniga bo‘lgan holda o‘rtacha ko‘rsatkich aniqlanadi.

Kamida 6 oy davomida muntazam ijtimoiy shartnoma shartlarini “a’lo” darajada bajargan, o‘rtacha oylik ko‘rsatkichlari eng yuqori bo‘lgan ming nafargacha yoshlar har yili dekabr oyida BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari