09:25, Mart 16, 2026
/
166

IT yo‘nalishida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar taqdirlandi

15-mart kuni IT Park binosida raqamli texnologiyalar sohasida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar va o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik rahbariyati, IT Park Uzbekistan vakillari, mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

2025–2026-o‘quv yili bakalavriat bosqichi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Beruniy va Islom Karimov nomli davlat stipendiyalarining 8 nafar g‘olibi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasini qo‘lga kiritgan 44 nafar talaba va o‘quvchi taqdirlandi. Nomdor davlat stipendiyalari sohiblariga guvohnoma va sertifikatlar Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Vazir o‘z nutqida bugungi kunda raqamli texnologiyalar iqtisodiyot, ta’lim, davlat boshqaruvi va kundalik hayotning barcha sohalarida muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u talaba yoshlarni bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirib, kelgusida yurtimizda raqamli sohani rivojlantirishga hissa qo‘shishga chaqirdi.

Mazkur stipendiyalar talabalarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu axborot texnologiyalari sohasidagi iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari