11:27, Mart 16, 2026
/
320

Yoshlar uchun 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirishga start berdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida, shuningdek, ushbu yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham eng katta yutuqlardan biri bo‘lgani ta’kidladi.

Xususan, Olmaliqda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi.

Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilg‘or oliygohlari bilan qo‘shma dasturlar yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu oliygohlarda yiliga 2,5 mingga yaqin tor soha mutaxassislari tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan.

Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘ladi.

“Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!”, – dedi Prezidentimiz.

Fikrlar (0)
Avval yangilari