13:50, Mart 16, 2026
/
387

Talaba qizni fohishalikka yubormoqchi bo‘lgan guruh ushlandi

Buxoroda talaba qizni Turkiyaning Istanbul shahriga shahvoniy ekspluatatsiya uchun yubormoqchi bo‘lgan jinoiy guruh Samarqand xalqaro aeroportida qo‘lga olindi. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2-mart kuni soat 04:00 atrofida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Turkiya fuqarosi va uning o‘zbekistonlik 3 nafar sherigi Buxoro viloyatidagi oliygohlardan birining 1-bosqich talabasini Istanbulga yuborishga uringan paytda ushlangan.

Guruh a’zolari aeroportda ro‘yxatdan o‘tayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olingan. Ulardan xorijga chiqish pasportlari hamda aviachiptalar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi “d” va “k” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari